Oʻzbekiston ekstremizmning oldini olishda qanday natijalarga erishgan?
Bishkekda oʻtkazilayotgan “Tajovuzkor ekstremizmning oldini olishga oid saʼy harakatlar va OAVning oʻrni”ga bagʻishlangan xalqaro forumda Oʻzbekistonning tajribasi taqdim etildi
Nozima Toshpoʻlatova,
Qirgʻizistondan OʻzA uchun maxsus
(Bishkek)
Bishkekda oʻtkazilayotgan “Tajovuzkor ekstremizmning oldini olishga oid saʼy harakatlar va OAVning oʻrni”ga bagʻishlangan xalqaro forumda Oʻzbekistonning tajribasi taqdim etildi.
Avvalo shuni qayd etish lozimki, Oʻzbekiston “Global Terrorism Index“ yangi reytingida 138 mamlakat ichidan 132-oʻrinni egallab, eng xavfsiz mamlakatlar qatoridan oʻrin oldi. Albatta bu terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda mamlakatimiz huquq tartibot idoralarining samarali faoliyatidan darak beradi. Forum davomida ham Oʻzbekiston tajribasiga katta qiziqish boʻldi.
Unda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Xurshid Qurbonovning taʼkidlashicha, mamlakatimizda ekstremistik oqimlarga qoʻshilib qolgan yoshlarning afv etilishi oʻzbekona bagʻrikenglik, insonparvarlik va adolatparvarlikning ifodasidir.
“Prezident afvi bilan oilasi bagʻriga qaytarilgan fuqarolarni ijtimoiy moslashuvi masalasi ham eʼtibordan chetda qolayotgani yoʻq. Ularni jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga idoralararo komissiya aʼzolari oʻz koʻmagini koʻrsatmoqda. Diniy bilimlarni rivojlantirishga, asl islom mohiyatini targʻib etishga eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasiga asos solinishi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi islomshunoslikka oid tadqiqotlarning yurtimizda yanada rivoj topishiga turtki beradi. Qayd Etish lozimki, olib borilgan profilaktik ishlar natijasida bugun Oʻzbekistonda ekstremizm bilan bogʻliq vaziyatda barqarorlikka erishildi. Biroq, jinoiy guruhlarni internet orqali chetdan oʻzbekistonlik yoshlarni oʻz saflariga qoʻshishga boʻlgan harakatlari ham yoʻq emas. Ayniqsa, xorijga ish ishlab ketayotgan yoshlarimiz ularning qarmogʻiga ilinishi ancha oson.
Nazoratsiz, ota onasidan yiroqda boʻlgan yoshlar koʻpincha Turkiya, Ukraina, Ozarbayjon, Rossiya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston, yaʼni ikkinchi davlatlar orqali urush boʻlayotgan hududlarga, jumladan, Iroq yoki Suriyaga oʻtgani qayd etilgan. Bu yoʻnalishda ham bugungi kunda profilaktik choralarni kuchaytiryapmiz”, deydi Qurbonov.
Maʼlumki, joriy yilning 12 iyun kuni parlamentning quyi palatasi “Ekstremizmga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qildi. U 28 iyun kuni Senat tomonidan maʼqullandi va 30 iyulda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.
Qonunchilikdagi bu takomillashuv esa ekstremizmga qarshi kurashdagi noaniqliklarga chek qoʻyib, aniq huquqiy asosni taʼminladi.
– Hozirda Nodavlat Notijorat tashkilotlari va huquq tartibot idoralarining samarali faoliyatini alohida qayd etmoqchi edim, deydi Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi rahbari Gulnora Babajonova. – Bir qator loyihalarni birgalikda, ijtimoiy sherikchilik asosida amalga oshirdik. Loyihamiz doirasida maxsus mavzuni yorituvchi jurnalistlar guruhi shakllandi va ular tomonidan 80 ga yaqin radio va teledasturlar, gazeta va internetga tahliliy maqolalar tayyorlandi. Eʼtiborlisi, bu materiallar sifat jihatidan ancha salmoqli boʻlib, jurnalistlarda tahliliy yondashuv ortganini koʻrsatdi.
Forumning ikkinchi ish kunida Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston tajribalari koʻrib chiqildi. Har uch mamlakat vakili ham aynan ijtimoiy tarmoqlarda ekstremistik ruhdagi materiallar koʻpayib borayotgani haqida fikr bildirdi.
– Bu maʼlumotlar yangi emas balki, avvallari ham eʼlon qilingan bir tildan boshqa tilga tarjima qilingan fikrlardir, – deydi anjuman ishtirokchisi qirgʻizistonlik ekspert Iqbol Mirsaitov. – 2017 yildan boshlab, yangi videoroliklar yoʻq. Endi faqat audio murojaat tarqatilmoqda va ular eski, yaʼni 2012 yilda tayyorlangan. Endi ekstremistlar koʻproq imomlar, mullalar kabi din peshvolariga qarshi chiqishmoqda. Eng yomoni – ularni obroʻsizlantirishga va ulamolar oʻrtasiga nizo solishga harakat qilishmoqda. Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, umuman ijtimoiy tarmoqlarda bu holatlarga chek qoʻyishga koʻproq eʼtibor qaratishimiz lozim.
Forum ishi 8 dekabr kuni nihoyasiga yetadi. Uning yakunida rezolyutsiya qabul qilinishi kutilmoqda.