Oʻzbekiston bank sektoridagi oʻzgarishlar
Bank-moliya akademiyasida “Open space” formatida “2020-yilda Oʻzbekiston bank sektoridagi oʻzgarishlar” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Bank-moliya akademiyasida “Open space” formatida “2020-yilda Oʻzbekiston bank sektoridagi oʻzgarishlar” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Markaziy bank va boshqa banklar vakillari, auditorlar, soliq maslahatchilari, tadbirkorlar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi oʻrinbosari, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov va boshqalar mamlakatimizda bank sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ushbu sektorni modernizatsiya qilishda muhim rol oʻynayotgani hamda bunday qulayliklar aholiga, xususan, mijozlarga har tomonlama keng imkoniyatlar ochayotganini taʼkidladi.
Davra suhbatida xususiy sektorning investitsion jozibadorligini oshirish orqali bank sektoridagi ishtirokini kengaytirish masalalari, shuningdek, hukumat tomonidan mamlakat bank sektorini modernizatsiya qilish boʻyicha qabul qilingan qarorlar ijrosiga ahamiyat qaratildi.
– 2020-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi joriy etilmoqda, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki departament direktori Kamron Oʻtbosarov. – Yangi tartibga asosan bitta qarz oluvchiga beriladigan kreditning miqdori cheklangan boʻladi, bunda sotib olinadigan kvartiraning qiymati uy-joyning hisoblangan qiymatidan oshib ketgan taqdirda, qiymatning qolgan qismi qarz oluvchi tomonidan oʻz mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan toʻlanadi. Birlamchi uy-joy bozorida sotiladigan kvartiralarni sotib olish uchun quyidagi shartlarda ipoteka kreditlari beriladi. Qishloq joylarda uy-joy hisoblangan qiymatining 90 foizidan oshmaydigan holatda 15 yil muddatga va dastlabki badali sotib olinadigan kvartira qiymatining 10 foizidan kam boʻlmagan miqdorda boʻlsa, shaharlarda uy-joy hisoblangan qiymatining 80 foizidan oshmaydigan holatda 15 yil muddatga va dastlabki badali sotib olinadigan kvartira qiymatining 20 foizidan kam boʻlmagan miqdorda boʻladi. Kam taʼminlangan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj oilalar uchun Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratiladi. Bugungi davra suhbatining amaliy jihati shuki, tijorat banklari, deyarli barcha banklar 2020-yilda oʻzining strategiyasini oʻzgartirishi va mutlaqo yangi tizimga oʻtilishi talab etiladi. Shundan kelib chiqib, tadbirda toʻrtta tijorat banki oʻz strategiyasini namoyish qildi.
Tadbir yakunida tijorat samaradorligini oshirish, oʻrta va uzoq muddatli strategiyani shakllantirish maqsadida aktivlarni taqsimlashni optimallashtirish mexanizmlarini oʻz ichiga olgan bank va moliya sektorini tizimli oʻzgartirish yuzasidan fikrlar bildirildi.