Oʻzbekiston albatta kuchli uchlikka kiradi
Maʼlumotlarga koʻra, dunyoda broyler goʻshtini yetishtirish boʻyicha AQSH, Xitoy va Braziliya yetakchilik qiladi.
Maʼlumotlarga koʻra, dunyoda broyler goʻshtini yetishtirish boʻyicha AQSH, Xitoy va Braziliya yetakchilik qiladi. MDH mamlakatlari doirasida esa Rossiya, Ukraina va Belarus kuchli uchlikni band qilmoqda.

Yurtimizda ham bu borada koʻrilayotgan choralar tufayli yil sayin yuksalish kuzatilmoqda. Misol uchun, 2010 yilda 3 milliard dona tuxum tayyorlangan boʻlsa, oʻtgan yili bu koʻrsatkich 6,6 milliard donani tashkil etdi. Parhezbop goʻsht yetishtirishda ham sezilarli oʻsishlar kuzatilmoqda. Oʻtgan yili 168 ming tonna tovuq goʻshti tayyorlangani ham buning isbotidir. Vaholanki, bundan yetti yil avval bu raqamlar miqdor jihatdan 30 ming tonnani tashkil etardi.
Kelgusida bu boradagi imkoniyatlarni yanada kengaytirish hamda aholining parhez, parranda goʻshtiga boʻlgan talabi ortib borishini inobatga olgan holda sinov tariqasida beshta viloyatda klaster yoʻlga qoʻyiladi. Bu loyiha va qurilish birinchi boʻlib Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumanida ishga tushishi rejalashtirilmoqda. Bu loyihada parranda soni 10 million dona boʻlgan korxonalar ishtirok etadi. Ular aholiga broyler joʻjalarni va ozuqani yetkazib beradi. Parrandalar vaqtida veterinar koʻrigidan oʻtkazilib turiladi va oxirida yetkazuvchi goʻshtni sotib oladi. Soʻngra mahsulotni eksporti bilan shugʻullanadi.
– Hozirda aholini tuxum bilan 100 foiz taʼminlayapmiz, isteʼmoldan ortgani xorijga ham sotilmoqda, – deydi “Parrandasanoat” uyushmasi raisi Yashin Abdurazzoqov. – Biroq, parranda goʻshtining 10 foizi import qilinmoqda. Klaster usulini yoʻlga qoʻysak, bu borada ham aholi ehtiyojini toʻliq taʼminlashimizga ishonaman.
Oʻzbekistonda parrandachilik sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga bagʻishlangan matbuot anjumanida yurtimizda nafaqat tovuqchilikni balki kurkachilik, gʻozchilik, oʻrdakchilik, bedanachilikni yanada rivojlantirish borasida ham maʼlumotlar berildi. Shuningdek, kaklik, qirgʻovul, tovus, tuyaqush, sesarkalarni parvarishlashga ixtisoslashgan yangi xoʻjaliklarni tashkil etish rejalashtirilayotgani eʼlon qilindi.