O‘zbek tilini o‘qitish takomillashmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yurtimizdagi barcha umumta’lim maktablarida oktabr oyi – o‘zbek tili va adabiyoti fanlari oyligi, deb e’lon qilingan. Uning doirasida ta’lim muassasalarida ochiq darslar, uchrashuvlar, viktorinalar va tanlovlar tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan yurtimizdagi barcha umumta’lim maktablarida oktabr oyi – o‘zbek tili va adabiyoti fanlari oyligi, deb e’lon qilingan. Uning doirasida ta’lim muassasalarida ochiq darslar, uchrashuvlar, viktorinalar va tanlovlar tashkil etilmoqda.Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 1989-yilda “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi tilimizning mavqeini mustahkamlash va yanada rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda “Davlat tili haqida”gi qonunning ijrosini ta’minlash yuzasidan Xalq ta’limi vazirligi va Respublika ta’lim markazi tomonidan ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni kunlarda oylik doirasida o‘zbek tiliga oid ilmiy-ma’rifiy adabiyotlar, lug‘atlar, darslik va qo‘llanmalar taqdimotlari o‘tkazilmoqda. Yozuvchi va shoirlar, tilshunos va adabiyotshunos olimlar, san’at va madaniyat namoyandalari, ma’naviyat targ‘ibotchilari ishtirokida tashkil etiladigan adabiyot haftaliklari, ijodiy anjumanlar, ma’rifiy kechalar, turli ko‘rik-tanlov va intellektual bellashuvlar yoshlarning o‘zbek tili va adabiyotiga qiziqishini orttiribgina qolmasdan, iqtidorini yuzaga chiqarish, ijodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
– Kadrlar tayyorlash milliy dasturini bajarish doirasida ona tilini o‘qitish ham tubdan isloh qilindi, – deydi Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi bosh metodisti Gulchehra Mamanboyeva. – O‘tgan yillar mobaynida o‘zbek tilini o‘qitish bo‘yicha davlat standartlari, yangi dasturlar, darsliklar yaratilgani yosh avlodni milliy o‘zligini anglagan, mustaqil ijodiy fikrlaydigan barkamol shaxslar qilib tarbiyalashga xizmat qilayotir. Barcha maktablarda bu fanga qiziquvchi yoshlar soni yildan-yilga ko‘paymoqda. She’riyatga oshno tutingan, adabiyotni sevuvchi o‘quvchilar uchun yangi to‘garaklar tashkil etilgan.
Respublika ta’lim markazi tashabbusi bilan mamlakatimizdagi tilshunos olimlar va uslubchilar tomonidan o‘quv-uslubiy tavsiyalar, adabiyotlar chop etildi. Xususan, “O‘zbek tilini o‘qitish metodikasi”, “Ona tili ta’limida uzviylik”, “Nutq madaniyatini o‘rganish”, “Til va adabiyot o‘qituvchilarining vazifalari”, “O‘zbek tili” (mustaqil o‘rganuvchilar uchun), “Ona tili fanidan plakatlar to‘plami”, “O‘zbek tili fanidan adabiy-ma’rifiy matnlar to‘plami” kabi qator qo‘llanmalar yaratildi. Joriy yilda o‘zbek tili faniga ixtisoslashgan maktablarning 5-6-sinf o‘quvchilari uchun “Nutq madaniyati” o‘quv qo‘llanmasi tayyorlandi.
– Fan oyligi doirasida tashkil etilayotgan viktorina va tanlovlarga o‘quvchilarimiz yil davomida tayyorgarlik ko‘radi, unda faol ishtirok etib, bilimlarini boyitadi, – deydi Uchtepa tumanidagi 109-umumta’lim maktabi direktori Nigora Qosimova. – Maktabimizda o‘zbek tili va adabiyoti fanlari to‘garagi faoliyat ko‘rsatmoqda. Yaqinda “Ona tilim – jonu dilim” mavzuida o‘tkazilgan ma’rifiy tadbirda taniqli tilshunos, adabiyotshunos olimlar ishtirok etib, o‘quvchilar bilan jonli muloqot qildi. Ona tilimizning sofligi, uni asrab-avaylash yo‘lida amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan ishlar muhokama qilindi. Bu o‘quvchilarimiz ongu shuurida jonajon tilimizga mehr tuyg‘usini yanada oshiradi.