Oʻzbek raqslarining umrboqiyligi nimada?
Buning boisi nimada? Chunki ushbu sohada maktab yaratgan ustozlarimiz oʻtgan. Ularning isteʼdodu mahorati bois jahon sanʼat ixlosmandlari milliy raqslarimizga oshufta boʻlgan.
Avvalo, unda milliy qadriyatlarimiz mujassam. Har bir xatti-harakat oʻzbekona ibo-hayoni ifoda etib turadi. Dunyoning katta sahnalarida soʻzimizni, tilimizni ehtimol tushunmasalar ham, ammo milliy raqslarimizdan darhol Oʻzbekiston degan zamindan kelganimizni anglashadi.
Buning boisi nimada? Chunki ushbu sohada maktab yaratgan ustozlarimiz oʻtgan. Ularning isteʼdodu mahorati bois jahon sanʼat ixlosmandlari milliy raqslarimizga oshufta boʻlgan.
Mukarrama Turgʻunboyeva shulardan biri edi. U kishining sahnadagi har bir ijrosi sanʼatimiz durdonasiga aylangan.
Shu maʼnoda, Prezidentimiz qarori asosida Mukarrama Turgʻunboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli faoliyatining tashkil etilishi juda ulugʻ ish boʻldi. Bu ushbu sanʼat turi rivoji yoʻlidagi yana bir tarixiy qadamdir.
“Bahor”ning sobiq raqqosalari sifatida yangi ansambl xalqimizning gʻururi, faxriga aylanishiga ishonamiz. Biz Mukarrama opadan oʻrgangan bor bilim va tajribalarimizni ana shu dastaning yosh raqqosalariga oʻrgatishga tayyormiz. Bu borada amaliy ishlarni boshlab ham yuborganmiz. M. Turgʻunboyeva nomidagi anʼanaviy tanlovga talabalarni tayyorlash maqsadida suhbatlar oʻtkazdik, yakkaxon raqqosalarga yakka ijro etiladigan raqslarni oʻrgatdik.
“Katta oʻyin”, “Pilla”, “Bahor valsi”, “Mustahzod”, “Bayot”, “Rohat”, “Tanovar”, “Namanganning olmasi” kabi milliy raqslarimiz — dunyo tan olgan, olqishlagan mashhur ijrolar. Ularning oʻz uslublari, usullari, harakatlari asl holida tiklanib, yana xalqimizga taqdim etilishiga ishonchimiz komil. “Bahor” ansamblining joʻshqin faoliyati orqali bu maqsadlarga, albatta, erishiladi.
Nurxon ZULINOVA,
raqqosa