Oʻzbek bokschilari Sofiyada shohsupaga koʻtarildi
Bolgariyada boks boʻyicha “Strandja” anʼanaviy turnirida Oʻzbekiston terma jamoasi ikkitadan oltin va kumush hamda bitta bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Bolgariyada boks boʻyicha “Strandja” anʼanaviy turnirida Oʻzbekiston terma jamoasi ikkitadan oltin va kumush hamda bitta bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Dunyoning 42 ta mamlakatidan 350 nafarga yaqin charm qoʻlqop ustalari bellashgan musobaqaning 56 kilogrammgacha vazn toifasidagi final bahsi ikki oʻzbek sportchisi oʻrtasida oʻtdi. Unda Miraziz Mirzahalilov va Abdulhay Shorahmatov oltin medal uchun oʻzaro kuch sinashdi. Bahs yakunida Mirazizning qoʻli baland keldi va musobaqa gʻolibi, deya eʼtirof etildi. Abdulhay esa kumush medal bilan taqdirlandi.

Vazni 69 kilogrammgacha boʻlgan hamyurtimiz Bobousmon Baturov soʻnggi hal qiluvchi final jangida qozogʻistonlik Abulhay Jusupovni hech qanday qiyinchiliksiz magʻlubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor boʻldi.
Musobaqada oʻz vazn toifalarida terma jamoamiz aʼzolaridan Xudoynazar Fayzov kumush, Shunqor Abdurasulov esa bronza medalini qoʻlga kiritdi. Bokschilarimiz turnirda medallar jamgʻarish boʻyicha umumjamoa hisobida beshinchi oʻrinni egalladi.