O‘quvchilar bilimi sinovdan o‘tkazildi
Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 278-umumta’lim maktabida “Qiziqarli matematika” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 278-umumta’lim maktabida “Qiziqarli matematika” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.– Matematika insondan yuksak aql-zakovat, keng tafakkur va zehn talab etadi, – deydi maktabning matematika fani o‘qituvchisi Rushana Norqulova. – Uni to‘la o‘rganishga ayrim o‘quvchilarda qunt, ba’zan to‘g‘ri yondashuv yetishmaydi. Matematika fani oyligi doirasida muntazam o‘tkazilayotgan tanlovlar o‘quvchilarning mazkur fanga qiziqishini yanada oshirish, matematikani qiziqarli tarzda o‘rganish va o‘rgatish uslublarini namoyish etishga yaqindan yordam bermoqda.
Tanlovda matematika fanini samarali o‘qitishning zamonaviy va ilg‘or uslublari, yosh matematiklarning imkoniyatlari, yutuq va kamchiliklari, matematikani o‘rganishning sir-asrorlari, muhim va qiziqarli jihatlari, yoshlarni mazkur fanga qiziqtirish omillari xususida so‘z yuritildi. O‘quvchilar uch bosqichda bilimlarini sinab qo‘rdi.
– Matematikani o‘rganish, turli masalalarni yechish jonu dilim, – deydi 5-sinf o‘quvchisi Bekzod Eshmurodov. – Tanlovda intellektual o‘yinlar, qiziqarli mashqlar, viktorina va mashg‘ulotlarda ishtirok etib, o‘z bilimimizni yanada oshirish imkoniga ega bo‘ldik. Ayniqsa, zamonaviy multimedia vositalaridan foydalangan holda misol yechish menga juda yoqdi.
G‘olib jamoa sertifikat va sovg‘alar bilan taqdirlandi.