Oʻqituvchilar oilasi - eng ibratli oila!
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan “Ibratli oila” koʻrik-tanlovida Kegayli tumani “Aqtuba” ovul fuqarolar yigʻinidan Jalolovlar oilasi gʻolib boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan “Ibratli oila” koʻrik-tanlovida Kegayli tumani “Aqtuba” ovul fuqarolar yigʻinidan Jalolovlar oilasi gʻolib boʻldi.
Prezidentimizning “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning oila va jamiyatdagi oʻrni va mavqeini mustahkamlashga, oilalardagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirishga xizmat qilmoqda. Ushbu hujjat ijrosini taʼminlash, yoshlar oʻrtasida oila muqaddasligini targʻib qilish, namunali oilalarni koʻrsatish maqsadida “Ibratli oila” koʻrik-tanlovi muntazam oʻtkazib kelinmoqda.
“Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat” konseptual gʻoyasini hayotga tatbiq etish, zamonaviy namunali oilaning mezonlarini belgilash, “Oila jamiyat va davlat himoyasida” konstitutsiyaviy prinsipini keng targʻib etish maqsadida oʻtkazilgan tanlov ishtirokchilari salomnoma va oila hayotiga bogʻliq fotoalbom taqdim etish, videorolik, savol-javob va sahna koʻrinishi shartlari boʻyicha oʻz mahoratini namoyish etdi.
Tanlov gʻolibi Jalolovlarni oʻqituvchilar oilasi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Oila boshligʻi Jenis Jalolov tumandagi 11-umumiy oʻrta taʼlim maktabi kimyo fani oʻqituvchisi, turmush oʻrtogʻi Minayim Doshimova ushbu maktabning tajribali matematika fani oʻqituvchisi sifatida mehnat qilmoqda.
Oʻz kasbining mohirlari hisoblangan Jenis Jalolov bilan Minayim Doshimova ikki nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Oʻgʻli Zuxratdin Karamatdinov Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialining 2 bosqich, qizi Ayjamal Karamatdinova Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti 3 bosqich talabasi.
Oʻgʻillari Zuxratdin oʻrta maktabda va Kegayli qurilish va axborot texnologiyalari kasb hunar kollejida tahsil olgan paytlarida OʻzXDP Qoraqapogʻiston Respublikasi Kengashi tomonidan oʻtkazilgan “Yosh siyosatchi” koʻrik-tanlovida, “Yurt kelajagi” respublika bolalar ijodiyoti festivalida sovrinli oʻrinlarni egallab, “Eng faol Kamolot aʼzosi” faxriy yorligʻi bilan taqdirlangan. Qizi Ayjamal 2017-yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori boʻldi. Uning “Aqtubaning qiziman”, “Ha gubelek, gubelek” sheʼriy va “Juzik” hikoyalar toʻplamlari chop etildi. Eʼtiborlisi shuki, “Juzik” toʻplami qoraqalpoq va ingliz tillarida chop etildi. “Kekselerde bala boʻlgʻan” toʻplamiga Ayjamalning qator hikoyalari kiritildi.
– Oʻsib kelayotgan avlodni milliy qadriyatlar asosida tarbiyalashda oila muhim ahamiyatga ega, – deydi Minayim Doshimova. – Biz hamda farzandlarimiz qoʻlga kiritayotgan yutuqlar oilamizdagi muhit, oʻzaro hurmat va tinchlik-xotirjamlik samarasidir. Mazkur koʻrik tanlovda gʻolib boʻlganimiz ham oilamiz ahilligidan. Tanlovning keyingi bosqichida ham muvaffaqiyatli ishtirok etamiz.