Nuroniylar saylovda faol ishtirok etmoqda
Toshkent shahri Olmazor tumani “Hazrati Imom” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 307-saylov uchastkasida ham ovoz berish jarayoni qizg‘in davom etmoqda. Saylov uchastkasida barcha shart-sharoitlar mavjudligi saylovchilar uchun qulaylik yaratmoqda.
Toshkent shahri Olmazor tumani “Hazrati Imom” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 307-saylov uchastkasida ham ovoz berish jarayoni qizg‘in davom etmoqda. Saylov uchastkasida barcha shart-sharoitlar mavjudligi saylovchilar uchun qulaylik yaratmoqda.Saylovchilarni ro‘yxatga olish jarayonida uchastkada o‘n uchta nogiron fuqaro qayd etilgan. Jismoniy imkoniyati cheklangan, keksa yoshdagi insonlar hamda saylov kuni muayyan sabablarga ko‘ra saylov uchastkasiga kela olmagan fuqarolarga maxsus ko‘chma quti olib borildi va ularga ovoz berish uchun imkoniyat yaratildi.
– Bir oz tobim yo‘qligi sababli shifokorlar uy sharoitida zarur muolajalarni olishimni aytdi, – deydi ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mirsoat Ergashev. – Saylov uchastkasi xodimlari xonadonimizga kelib saylovdagi ishtirokimni ta’minlab berdi. Vatanimiz taraqqiyoti, aholi farovon turmush tarzini ta’minlaydigan, elim deb, yurtim deb yonib yashaydigan eng munosib nomzodga ovoz berdim.
Saylov uchastkasida yoshi ulug‘ keksalarga alohida hurmat ko‘rsatilmoqda. Hozirgina ovoz bergan yoshi ulug‘ nuroniy saylovchilardan birini suhbatga tortamiz.
– Bugun erta tongdan farzandlarim, nabiralarimga bosh bo‘lib, saylovda ishtirok etish uchun keldik, – deydi sakson yoshni qarshilagan Tohir Muhammatov. – Biz turli saylovlarni ko‘rganmiz. Mustaqillik tufayli haqiqiy demokratik saylov nima ekanini tushunib yetdik. Qarang, shaharu qishloqlarimiz obod bo‘lib, turmushimiz yildan-yilga yuksalib bormoqda. Mamlakatimizda biz kabi keksalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va ehtiromdan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarilmoqda.