Nuroniylar hayoti yoshlarga ibrat
Namangan shahrida “Inson qadri – ulug‘” shiori ostida ikki avlod ushrashuvi o‘tkazildi.
Bugun ko‘plab qahramon yurtdoshlarimiz oramizda yo‘q, lekin ularning boy tajribasini avlodlari va shogirdlari davom ettirmoqda. Insoniylik, mehr-muruvvat, bag‘rikenglik kabi ezgu fazilatlar mujassam bo‘lgan tadbir davomida namanganlik faxriylarning hayot yo‘li, amalga oshirgan ibratli ishlari haqida hikoya qiluvchi videoroliklar namoyish etildi.

Ayniqsa, chustlik Mixail (Mamasharif) Fayozovning monitor orqali yangragan quyidagi so‘zlari qalblarni junbushga keltirdi: “... Qirg‘inbarot janglarda har kuni yuzlab quroldoshlarimizdan ajrab qolardik. Hozirgina ko‘rgan do‘stimiz, bir soniyada ko‘z oldimizda nobud bo‘lardi. Rus millatiga mansub yaqin qadrdonim Mixail kunlarning birida bir fikr aytib qoldi. “Do‘stim, Vatanga qaytish nasib qiladimi yoki aksincha bo‘ladimi? ... Nima bo‘lgan taqdirda ham qaysi birimiz omon qolsak, nomimizni abadiylashtirish uchun ismimizni o‘zgartiramiz”, dedi. Bu taklif menga ham ma’qul bo‘ldi... Ming afsus, do‘stim jangohlarda ko‘z oldimda halok bo‘ldi. Vatanga qaytgach, ismimni Mixail, deb o‘zgartirdim...”
Tadbirda turli sohalarda uzoq yillar samarali xizmat qilib, el oldida katta hurmat qozongan, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan nuroniylarga hurmat, ehtirom ko‘rsatildi.

– 82 yoshdaman, farovon va osuda yurtda yashayapmiz, buni qadrlashimiz kerak, – deydi to‘raqo‘rg‘onlik qishloq xo‘jaligi faxriysi, O‘zbekiston Qahramoni Abdurayim Hamidov.
– Bunday tadbirlar juda zarur. Keksalarning ibratli hayotini kelajak avlodlarga ko‘proq ko‘rsatish kerak.
Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Sodiqjon Turdiyev ishtirok etdi.

Uchrashuvda vatan, tinchlik, mehr muhabbatni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi, milliy raqs namunalari namoyil etildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA