Nukusda sessiya bo‘lib o‘tdi
Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining o‘n birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati a’zolari, tegishli sohalar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.
Dastlab sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mitasi tarkibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mita raisini saylash to‘g‘risida masalalar ko‘rib chiqildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2026-yil 13-apreldagi qarori asosida Niyazov Islambek Maxsetovich Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga 37-sonli “Xo‘jayli” saylov okrugidan deputat etib saylanganligi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Sanoat, qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasining a’zosi etib saylandi va tegishli qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi keyingi masala Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Sanoat, qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisini saylash to‘g‘risida bo‘lib, bu masala bo‘yicha deputat Niyazov Islambek Maxsetovichning nomzodi taklif etildi. Ushbu masala yuzasidan deputatlar tomonidan tegishli qaror qabul qilindi va I.Niyazov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Sanoat, qurilish, transport va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi etib saylandi.
[gallery-28868]
Shundan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining hisoboti to‘g‘risidagi masala bo‘yicha Vazirlar Kengashi Raisining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari R.Zarikeyev ma’ruza qildi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda turizm iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida jadal rivojlanib bormoqda. Xususan, yurtimizga viza talab etilmaydigan davlatlar soni 9 tadan 95 taga yetkazilib, 137 ta davlat uchun “elektron viza” tizimi joriy etilgan. Turizm sohasidagi sub’ektlar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ularga subsidiya va imtiyozlar berilmoqda.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 299 madaniy meros va ziyorat ob’ekti ro‘yxatdan o‘tkazilib, shundan 131 arxeologik, 24 me’moriy, 99 monumental ob’ekt va 45 tasi diqqatga sazovor joydir. Jumladan, 40 dan ortiq madaniy meros ob’ekti turizm marshrutlariga kiritilgan.
So‘nggi yillarda yurtimizga kelayotgan xorijiy sayyohlarning yuqori o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 2018-yilda 347 ming nafar mahalliy, 82 ming nafar xorijiy sayyoh kelgan bo‘lsa, 2025-yilda esa 2 million 65 ming nafar mahalliy va 405 ming nafarga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. 2021-yilda hududda 56 ta joylashtirish o‘rni, 42 ta turoperator faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 108 ta joylashtirish o‘rni, turoperator va turfirmalar soni 100 taga yetgan.
Deputatlar ushbu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorining hududlarda bajarilishi bo‘yicha O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘ining hisoboti, O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalar muhokama etildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.