Nukusda mebel ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi
Nukusda oliy ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun zarur mebel jihozlarini ishlab chiqaradigan yangi korxona ish boshladi.
Germaniyaning so‘nggi rusumdagi texnika va texnologiyalari bilan jihozlangan korxonada 15 turdagi zamonaviy mebel ishlab chiqariladi. E’tiborlisi, korxona ishga tushirilgach bu yerda mahalliy yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha kelajakda uylar uchun ham mebellar tayyorlash rejalashtirilgan.

Korxonaning ochilish marosimida Orolbo‘yida faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etib, bu yerda ishlab chiqarilayotgan mebellar bilan tanishdi.
–Yangi korxonaning Nukus shahrida ochilishi ta’lim muassasalari uchun ancha qulaylik yaratadi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri Gulzira Baxiyeva. – Avvallari ushbu mebellar Toshkent shahri va viloyatlardan buyurtma asosida olib kelinar edi. Ishlab chiqarilayotgan mebellarning sifati ham yaxshi. Bu esa davlatimiz rahbarining Orolbo‘yi aholisiga g‘amxo‘rligining amaldagi samarasidir.
Shu kunning o‘zida oliy ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan korxona o‘rtasida shartnomalar imzolandi.
Dovud ABIBULLAEV,
O‘zA muxbiri