Nukusda “Jingil Creative Fest” yoshlar festivali o‘tkazildi
Nukusdagi Ashshiko‘l sohilida joylashgan “Qoraqalpoq etno-ovuli” majmuasida Orolbo‘yining tabiiy va madaniy merosi, zamonaviy ijod, turizm va kreativ iqtisodiyotni o‘zida mujassam etgan “Jingil Creative Fest” yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizmni rivojlantirish boshqarmasi, “DMO Karakalpakstan” jamoat birlashmasi, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti va “Mo‘ynoq orzular oroli” turistik kompaniyasi tomonidan hamkorlikda tashkil etilgan tadbir 300 nafardan ortiq ijodkor yoshni, ta’lim sohasi vakillari, tadbirkorlar, hunarmandlarni birlashtirdi.
Festivalning ochilishida so‘zga chiqqanlar bugungi kunda turizm, iqtisodiyot va ekologiya sohalarining o‘zaro uzviy bog‘liqligiga to‘xtalib, mazkur sohalarni rivojlantirishda yoshlarning faol ishtiroki, tashabbuskorligi va innovatsion g‘oyalari muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Shuningdek, mazkur festivalning ahamiyati, tabiiy va madaniy merosni asrab-avaylash, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda yoshlarning ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.
Tadbirning markaziy ramzi – Orolbo‘yining og‘ir iqlim sharoitida tabiatning hayotiy kuchi, barqarorligi va go‘zalligini ifodalovchi jing‘il o‘simligi bo‘ldi. Uning obrazi ijodiy tashabbuslar uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qilish bilan birga mintaqaning tabiiy va madaniy merosiga yangicha nazar tashlash imkonini berdi.
[gallery-32034]
— Festival doirasida yoshlar nafaqat Qoraqalpog‘iston madaniyati va tabiati bilan tanishishi, balki o‘z qobiliyatini hamda g‘oyalarini taqdim etishlari va ijodiy faoliyatning turli yo‘nalishlarida o‘zlarini sinab ko‘rishlari mumkin bo‘lgan ochiq maydon vazifasini o‘tadi Uning dasturida Orolbo‘yi mintaqasi o‘simliklari bo‘yicha interaktiv savollarni o‘zida jamlagan “Jingil Quest” interaktiv kvesti, “Jingil open mic” musiqiy maydonchasi, jingil o‘simligi va Orolbo‘yi go‘zalligini suratga olish “Jingil photo & video challenge” tanlovi, “Creative Workshops” xalq amaliy san’ati va qo‘l mehnati ko‘rgazmasi o‘rin olgan bo‘lib, ularda hunarmandlar mahsulotlari, suvenirlar, dizaynerlik ishlari va mahalliy mahsulotlar namoyish etildi. Yoshlarning tadbirkorlik tafakkuri va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan “Creative economy talk” tadbiri doirasida ishtirokchilar madaniy merosni zamonaviy sayyohlik mahsulotlari va tijorat tashabbuslariga aylantirish imkoniyatlarini muhokama qildilar, — deydi “DMO Karakalpakstan” jamoat birlashmasi direktori Mels Qosnazarov.
Festival doirasida “Jingil Art Painting” ijodiy tadbiri tashkil etildi. Unda J.Izentayev nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchilari “Qoraqalpoq etno-ovuli” hududida, Ashshiko‘l ko‘li sohilida Qoraqalpog‘istonning betakror tabiat manzaralarini o‘z ijodiy g‘oyalari va badiiy qarashlari orqali tasvirladilar. Mazkur ijodiy jarayon yoshlarning badiiy salohiyatini namoyon etish, tabiatga bo‘lgan mehrni oshirish hamda Orolbo‘yining tabiiy boyliklarini san’at orqali targ‘ib etishga xizmat qildi.
Tadbir yakunida “Quest”, “Music Battle”, “Debet time” va “Jingil Art Painting” kabi bir nechta nominatsiyalar bo‘yicha ijodiy hamda jamoaviy tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi. Mazkur festival yoshlarning turizmni rivojlantirish, madaniy merosni asrab-avaylash, ularning ijodiy tashabbuslarini ilgari surishda ishtirok etishi uchun yangi imkoniyatlar yaratish, shuningdek, tabiat, madaniyat, ta’lim va tadbirkorlik o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari