“Nukus” poligonida artilleriyachilarning navbatdagi yig‘ini o‘tkazildi
O‘lkamizning eng olis garnizonida joylashgan “Nukus” umumqo‘shin poligonida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlarining artilleriya bo‘linmalari bilan lager yig‘ini o‘tkazildi.
Yig‘in doirasida reaktiv, stvolli artilleriya hamda minomyot bo‘linmalari mutaxassislari sinov mashqlarini amalda bajardi.

Olis masofadagi shartli nishonlarga qarata qaqshatqich zarba berish orqali yuqori jangovar shaylikni namoyish etgan artilleriya mutaxassislari bu safar ham mahoratda tengsiz ekanini isbotladi.

Mashq shartiga ko‘ra minomyotchilar batareyasi 82 mm.li BM-37 minomyotlardan 2000-2600 metr uzoqlikdagi shartli dushman kuchlarini yo‘q qildi.
Artilleriya lager yig‘ini davomida Artilleriya tayyorgarlik kursiga asosan jangovar otishmali nazorat tekshiruv mashg‘ulotlarini 122 mm.li zalp otuvchi reaktiv qurilmadan oskolkali va fugasli raketalar ham nishonlarga otildi. Yuqori jangovarlik quvvatiga ega bo‘lgan raketalar 7500-8000 metr masofani soniyalarda bosib o‘tib, shartli dushman joylashgan hududga oskolkalar zarbini berdi.

Boshqa o‘quv nuqtasida 122 mm.li gaubitsa D-30 artilleriya qurolidan 7000-7500 metr masofadagi shartli dushman ob’ektlariga talafot yetkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida o‘t otish guruhlarining jipsligi, mudatli harbiy xizmatni o‘tayotgan kursantlarning mutaxassisligi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari yuksalib, mahorati oshirildi. Lager yig‘inida artilleriya bo‘linma ofitserlaridan otish va o‘t ochishni boshqarish bo‘yicha amaliy sinovlar qabul qilindi.

Shuningdek, yig‘in doirasida mutaxassislar bilan maxsus tayyorgarlik, taktik tayyorgarlik, texnik tayyorgarlik va muhandislik tayyorgarligidan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlarda artilleriya to‘plaridan harakatsiz nishonlarga qarata to‘g‘ridan-to‘g‘ri otib shikastlash, minomyotlardan yarim to‘g‘ri qaratib otish mashqlari bajarildi. Yopiq o‘t ochish pozitsiyasidan harakatsiz nishonlarni mo‘ljalga olgan artilleriyachilar vazifalarni ko‘nildagidek ado etdi.

Taktik mashg‘ulot davomida minomyotchilar kunduzi va tunda masofada turgan nishonlarni yakson etdi. Tungi vaqtda batareya tomonidan yorituvchi snaryadlar qo‘llanildi.

Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati