Nufuzli universitetlar hamkorligida yangi loyiha
Keyingi yillarda Urganch davlat universitetining Turkiya Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari tobora kengaymoqda. Akademik hamkorlik bo‘yicha 11 ta oliy ta’lim muassasasi bilan kelishuvlarga erishilgani buning dalilidir.
Hamkorlik aloqalarning uzviy davomi sifatida Turkiya Respublikasining bir necha nufuzli universiteti, shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi, Toshkentdagi “Alfraganus” universiteti hamda Urganch davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti hamkorlikda sheva lug‘ati yaratishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan yangi loyihani amalga oshirmoqda.
Shu munosabat bilan Turkiya universitetlarining bir guruh professorlari Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi.
Mehmonlar bilan muloqotda UrDU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori S.Xodjaniyozov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Z.Ibragimov, o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani D.G‘ayipov va o‘zbek filologiyasi kafedrasining shevashunos olimalari, professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Muloqotda tomonlar o‘z oliy o‘quv yurtlari haqidagi umumiy ma’lumotlarni taqdim etdi.
[gallery-14569]
Urganch davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakulteti professor-o‘qituvchilari va Sakarya amaliy fanlar universiteti olimlari Urganch davlat universiteti bilan hamkorlikda “Onadolu va o‘zbek o‘g‘uz lahjalarining dialektologik lug‘atini yaratish” mavzusidagi grant loyihasini birgalikda yaratishga kelishdi.
Sakarya amaliy fanlar universiteti, Turkiya Respublikasining qator oliy ta’lim muassasalaridan Urganch davlat universitetiga tashrif buyurgan mehmonlar sharafiga madaniy tadbir tashkil qilindi. Tadbirni o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani, professor D.G‘ayipov ochib, mehmonlarga tashrif uchun minnatdorlik izhor qildi va universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari o‘zaro manfaatli bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Xorazm viloyat hokimi maslahatchisi R.Xudayberganov ikki qardosh mamlakatning azaliy do‘stlik aloqalari va mushtarak jihatlari haqida ma’ruza qildi. Shundan so‘ng o‘zbek filologiyasi fakultetining iste’dodli talabalari tomonidan badiiy chiqishlar namoyish etildi.
Ayniqsa, turkcha go‘zal raqslar, Xorazm shevasidagi she’rlar, Xorazm milliy madaniyatiga oid jonli qo‘shiq, lazgi raqsi mehmonlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov(surat), O‘zA muxbirlari