Noto‘g‘ri qo‘llangan jarimaga barham berildi
Bugungi kunda Biznes-ombudsman tadbirkorlarning ishonchli vakiliga aylanib ulgurdi.
Shunga ko‘ra, Biznes-ombudsman devoni tomonidan Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi B.J.ning soliq organi qaroridan norozi bo‘lib, "Tadbirkor virtual ofisi"ga qilgan murojaati o‘rganildi.
Aniqlanishicha, Qarshi shahar soliq inspeksiyasining qaroriga ko‘ra, B.J.ga Soliq kodeksiga asosan 10 mln. so‘m jarima qo‘llanilgan.
Ma’lumki, Soliq kodeksiga ko‘ra, soliqqa oid huquqbuzarlikning ilgari xuddi shunday huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortilgan shaxs tomonidan sodir etilgani javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat deb e’tirof etiladi. Ushbu holat mavjud bo‘lgan taqdirda jarima miqdori ikki barobar oshiriladi.
Huquqbuzarlik sodir etilganda 5 mln. so‘m miqdorida jarima qo‘llanishi lozim edi. Biroq B.J. tomonidan muqaddam xuddi shunday huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortilmaganiga qaramay, soliq organi tomonidan 10 mln. so‘m jarima qo‘llangan.
Soliq kodeksi 218-moddasiga ko‘ra, shuningdek, aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklardagi aybga iqror bo‘linganda va soliq organining soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarori olingan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda moliyaviy sanksiyalar summasi ixtiyoriy ravishda to‘langanda jarima miqdori ikki baravarga kamaytiriladi.
Shu bois, Qarshi shahar soliq inspeksiyasining 2023 yil 21 dekabrdagi qo‘shimcha qarori qabul qilinib, qonunbuzilishi bartaraf etildi va Biznes-ombudsman devonining qonuniy talablari asosida noto‘g‘ri qo‘llangan 10 mln. so‘m jarima 5 mln. so‘mga kamaytirildi. Qonundagi 10 kunlik imtiyozdan foydalangan holda tadbirkor 2,5 mln. so‘m miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA