Noto‘g‘ri hisoblangan qarzdorlik bartaraf etildi
Navoiy viloyati Qiziltepa tumani Bo‘lakrabot mahallasi Sayohat qishlog‘ida yashovchi fuqaro S.A ning O‘zbekiston Respublikasi Xalq qabulxonasi ishonch telefoniga qoldirgan murojaati O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi tuman jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi.
Murojaatda aytilishicha, “Qiziltepatumangaz” ta’minoti xodimi fuqaroning xonadonida gaz jihozlarini ko‘zdan kechirib, 5 ta isitish qozonxonasi, 5 ta pech va 3 ta hammomdan foydalanib kelinganligi to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtirgan. Natijada, fuqaro nomiga 34 million 814 ming 860 so‘m miqdorida jarima hisoblangan.
Tuman jamiyati mutaxassislarining joyiga chiqqan holda olib borgan o‘rganishlari natijasida fuqaroning xonadonida aslida atigi 1 dona isitish qozonxonasi, 3 dona isitish pechi va 1 ta hammom mavjudligi hamda u gaz ta’minoti tashkilotiga hech qanday zarar yetkazmagani aniqlangan.
Ushbu holat yuzasidan “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti korxonasi xodimlariga iste’molchilarning qonuniy huquqlari va amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar asosida tushuntirishlar berildi.
Natijada noreal tarzda hisoblangan 34 million 814 ming 860 so‘mlik qarzdorlik bekor qilindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri