Notariuslar shaxmat va shashka bo‘yicha bahslashdi
Farmon va ijro
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ommaviy sportni rivojlantirish, mehnat jamoalari va hududlar o‘rtasida sport musobaqalarini muntazam ravishda o‘tkazish belgilangan.
Farmon ijrosini ta’minlash hamda sportni yanada kengroq targ‘ib qilish maqsadida O‘zbekiston notariuslari o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazilmoqda. Shu yil fevral oyida notariuslar o‘rtasida mini-futbol turniri yuksak saviyada o‘tkazilgan edi.
May oyida esa O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining kubogi uchun shaxmat-shashka turniriga start berildi.
Toshkent shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida turnirning respublika bosqichi o‘tkazildi.
– Hamkasblar bilan shaxmat bo‘yicha musobaqa juda qizg‘in kechdi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Muxtor Tag‘ayev.
[gallery-2711]
– Nafaqat g‘alabaga intilish, balki o‘zaro muloqot juda foydali bo‘ldi. Qolaversa, aql gimnastikasi deb tan olingan shaxmatni o‘ynash har qanday kasb egasini chiniqtiradi. Shunday sport musobaqalarini tashkil etgani uchun Notarial palata rahbariyatidan minnatdormiz.
– Turnirning yakuniy bosqichida jami 28 nafar havaskor shaxmat va shashkachi ishtirok etdi,– deydi notarial palataning tashkiliy ishlar bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Hojimurodov. – Shaxmat bo‘yicha erkaklar, shashka bo‘yicha ayollar o‘zaro bahslashdi.
To‘rt soat davom etgan turnir qizg‘in bahslarga boy kechdi. Musobaqa yakunida shaxmat bo‘yicha faxrli 1-o‘rin Andijon viloyati Bo‘ston tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Muqimjon Muydinov, shashka bo‘yicha 1-o‘rin Xorazm viloyati Xiva tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Gavhar Sa’dullayevaga nasib qildi.
Shaxmat bo‘yicha 2-o‘rinni Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Alisher Abdinazarov, shashka bo‘yicha 2-o‘rinni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Nurjamal Mambetniyazova egalladi.
Tadbir yakunida g‘oliblarga Notarial palataning diplomlari va esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, har ikkala tur bo‘yicha 1-o‘rinni egallagan g‘oliblar Ukrainada bo‘lib o‘tadigan xalqaro sport festivaliga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 2-3- o‘rinlar sohiblari hamda faol ishtirokchilarga sanatoriyalarga yo‘llanmalar berildi.
O‘zA