Notariuslar korrupsiyaga qarshi!
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida agentlik hamda O‘zbekiston Notarial palatasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burhonov notariat sohasida olib borilgan islohotlar tufayli notariat sohasi shaffof va korrupsiyadan xoli tizimga aylanib borayotganligini, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurash borasida olib borilayotgan tizimli ishlarni davom ettirish lozimligi haqida gapirib o‘tdi. Bu borada Notarial palata va xalqqa eng yaqin va to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotda bo‘luvchi xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar bilan hamkorlik samarali bo‘lishini ta’kidladi.
Memorandum imzolanganidan so‘ngra “Notariuslar korrupsiyaga qarshi!” videorliklar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.


Marosimda so‘zga chiqqar agentlik direktori Akmal Burhonov, O‘zbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurovlar notariuslar tomonidan videoroliklar orqali korrupsiyaga qarshi kurashish targ‘ibotini yuksak baholadilar.
Tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Zebo Kamolova faxrli 1 - o‘rinni egalladi. Andijon shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Kamoliddin Jaloliddinov 2- o‘rin sohibiga aylandi. 3- o‘ringa Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius Saodatxon Qo‘ziyeva tayyorlagan videorolik munosib deb topildi.



Mazkur shior ostida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan joriy yilning noyabr oyida O‘zbekiston Notarial palatasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda “Notarius maslahati” gazetasi hamkorligida videoroliklar tanlovi e’lon qilingan edi.
Tanlovni o‘tkazishdan maqsad – sohada olib borilayotgan islohotlarga soya soluvchi har qanday korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik, korrupsion harakatlarga qarshi kurashishni targ‘ib qilish, nafaqat tizimda, balki mamlakatimiz aholisiga korrupsiyaning salbiy oqibatlari haqida huquqiy tushunchalar berish, qonuniylikni targ‘ib qilishdan, fuqarolarga ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligini, javobgarlikning muqarrarligini tushuntirishdan iborat.
Videoroliklar tanloviga notariuslardan 22 ta videorolik kelib tushdi. Ularning barchasi ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilib, targ‘ib qilindi.
Aytish joizki, O‘zbekiston Notarial palatasi tizimida tashkil etilganidan birinchi yildan boshlab ochiqlik va shaffoflik va tizimlilikka, davlat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikka katta e’tibor qaratilmoqda. Shu kungacha 41 ta ichki va tashqi memorandumlar imzolangan, shundan mamlakat ichida 19 ta davlat tashkilotlari hamda NNTlar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik memorandumlari tuzilgan.


Shuningdek, tizimda har yili 3 marotabagacha Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.
G‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar va diplomlar topshirildi. Shuningdek, 19 nafar videorolik mualliflariga ham ishtirokchi sertifikati hamda sovg‘alar topshirildi.
O‘zA