Notariusga siz qanday baho qoʻyasiz?
786 notariusdan 116 nafari “aʼlo” baho olgan boʻlgan 38 nafari faoliyati talabga javob bermagan
786 notariusdan 116 nafari “aʼlo” baho olgan boʻlgan 38 nafari faoliyati talabga javob bermagan
Adliya vazirligi aholining eng koʻp ishi tushadigan tizim boʻlgan notariat sohasini tartibga solish, notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonida ortiqcha pul undirilmasligi, qolaversa korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik maqsadida amaliy ishlarni olib bormoqda.
Shu maqsadda notariuslar faoliyati shaffofligini taʼminlashga qaratilgan ishlar davom ettirilayotir. Vazirlik tomonidan 2019-yilning ikkinchi yarmida notariuslarning ish faoliyati sifati, ushbu jarayonga uchinchi shaxslar aralashuvini istisno etuvchi avtomatlashtirilgan elektron dastur joriy etilib, shu orqali ularning faoliyati baholab borilgan.
#Adliya_xabarida maʼlum qilinishicha, 116 notarius “aʼlo” baho olgan.
Baholashda 786 notarius qamrab olingan boʻlsa, ulardan 116 nafari faoliyati “aʼlo”, 434 nafariniki “yaxshi”, 198 nafari esa “qoniqarli” baho olgan. 38 nafari faoliyati esa talabga javob bermagan.
Bu jarayonda notarial harakatlar soni, notariusning xizmat faoliyatiga oid maʼlumotlar va uning faolligi kabi mezonlar asos qilib olingan.
Reytingda Xorazm, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari notariuslari yuqori natija koʻrsatgan.
Yuz ballik baholash tizimida Xorazm viloyati Urganch shahar 9-son davlat notarial idorasi notariusi Iroda Rahmonova 92 ball,Toshkent viloyati Bekobod shahar 1-son davlat notarial idorasi notariusi Odil Abduxoliqov 92 ball, Surxondaryo viloyati Termiz shahar 1-son davlat notarial idorasi notariusi Bekzod Gʻaffarov 90 ballni qoʻlga kiritgan.
Kimlar talabga javob bermagan?
Talabga javob bermagan 38 notariusning 33 nafari Toshkent shahrida, qolganlari Samarqand, Andijon va Namangan viloyatlarida ishlovchi notariuslardir.
Ushbu reytingning soʻnggi uch oʻrnini Toshkent shahar Mirobod tumani 6-son davlat notarial idorasi notariusi Nafisaxon Maqsudova, Namangan viloyati Namangan shahar 6-son davlat notarial idorasi notariusi Bahodir Tursunqulov, Toshkent shahar Chilonzor tumani 2-son davlat notarial idorasi notariusi Sayyora Madaliyeva egallagan.
Adliya vazirligi tomonidan ish faoliyati “aʼlo” deb topilgan notariuslarni ragʻbatlantirib borish hamda “talabga javob bermaydi” deb baholangan notariuslar faoliyatini yaxshilash choralarini koʻrish va profilaktik ishlarni amalga oshirish tizimi yaratildi.
Notariuslarga siz qanday baho qoʻyar edingiz? Yoki baholash boʻyicha sizda taklif bormi? Fikrlaringizni info@minjust.gov.uz elektron pochtasiga yoʻllashingiz mumkin.