Notarius nega qalloblikda ayblandi?
Adliya vazirligi esa buning haqiqatga toʻgʻri kelmasligini aytmoqda.
Adliya vazirligi esa buning haqiqatga toʻgʻri kelmasligini aytmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Sariosiyo tumani notariusi Davron Jumayev Muhammadiy Mirza-Anvar ismli shaxs bilan til biriktirib, bir ayolga tegishli uy-joyni oʻzlashtirib olayotgani”ga oid material tarqaldi.
Ushbu maʼlumotlar qanchalik toʻgʻri, aslida nima boʻlgan edi?
Adliya vazirligi axborot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, mazkur masala yuzasidan Surxondaryo viloyati adliya boshqarmasi tezkor oʻrganish oʻtkazgan.
“Sotuvchi” X.K. va “Sotib oluvchi” U.M.lar oʻrtasida Sariosiyo tumanida joylashgan ushbu uy-joy oldi-sotdi shartnomasi imzolangan. Mazkur shartnoma sobiq Sariosiyo tumani davlat notarial idorasi notariusi D.Jumayev tomonidan uch yil avval rasmiylashtirilgan.
Toʻplangan hujjatlarga koʻra, Sariosiyo tumani davlat notarial idorasi tomonidan uy-joy oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun sotuvchi X.K.ning uy-joyda roʻyxatda turuvchi farzandlari tomonidan uy-joyni sotishga rozilik arizalari olinib, 2017-yil 30-mayda notarial tartibda tasdiqlangan.
Sariosiyo tumani davlat notarial idorasi notariusi D.Jumayev tomonidan 2017-yil 30-mayda qayd etilgan uy-joy oldi-sotdi shartnomasi va reyestr kitobida fuqaro X.K. ism-familiyasini toʻliq yozib imzolagan.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Sariosiyo tumanlararo sudining 2019-yil 29-apreldagi hal qiluv qaroriga koʻra, daʼvogar X.K.ning javobgarlar Sariosiyo tumani davlat notarial idorasi va U.M.ga nisbatan “Oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas, deb topish haqida”gi daʼvosi rad etilgan.
Bundan tashqari, fuqarolik ishlari boʻyicha Surxondaryo viloyati sudi kassatsiya instansiyasining 2020-yil 5-martdagi ajrimi bilan fuqarolik ishlari boʻyicha Sariosiyo tumanlararo sudining hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Fuqaro X.K.ning farzandi G.I. bilan telefon orqali suhbat oʻtkazildi. Aniqlanishicha, mazkur uy-joy bilan bogʻliq garov shartnomasi rasmiylashtirilmagan.
Bundan kelib chiqadiki, ushbu masalada notariusning qalloblikda ayblangani haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.