Nosoz yo‘llar aholi murojaati bilan yangilanmoqda
Prezident tashabbusi – amalda
Mamlakatimizda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashning xalqchil tizimi yaratilgani davlat boshqaruv organlariga katta mas’uliyat yuklab, odamlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish hamda ularning munosib turmush kechirishi uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham xalq bilan muloqotni yanada kengaytirish orqali aholi muammolarini aniqlash va hal etish tizimining samaradorligini oshirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilab berilgan. Shunga muvofiq yurtimizda fuqarolarning murojaatlari va takliflarini ko‘rib chiqishga yildan-yilga e’tibor, mas’uliyat ortib borayotir. Zero, bundan yetti-sakkiz yil muqaddam katta-kichik rahbarlarning xalq bilan ochiq muloqot qilishini, ularning murojaatlarini tinglab, dardu tashvishi bilan yashashini, aholini qiynayotgan muammolarni hal etishga urinishini hayolimizga ham keltirolmas edik.
Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan joriy etilgan tizim odamlarning hayotidan rozi bo‘lib yashashida muhim omil bo‘layotgani, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilayotgani barchaga birdek manzur bo‘lmoqda.
Surxondaryo viloyatida yo‘llarning nosozligi uzoq yillar aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi. O‘sha yillarda xalq dardini tinglab, bu masalani yechishga mutasaddilarda mas’uliyat hissi bo‘lmadi shekilli, murojaatlar hal etilmay qolaverdi. Xalq bilan ochiq muloqot yo‘lga qo‘yilgach, odamlarning haqli talab va takliflari e’tiborga olina boshlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda 16 ming 170 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘li mavjud. Uning 2 ming 843 kilometr uzunlikdagi qismi umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llari bo‘lib, avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tasarruf etadi. 13 ming 327 kilometri mahalliy hokimliklar balansidagi xo‘jaliklararo qishloq, shahar va aholi punktlaridagi ko‘cha yo‘llaridir. Vohada 351 kilometr xalqaro, 990 kilometr davlat va 1 ming 502 kilometr mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘li bor.
[gallery-21473]
Yakunlangan yil viloyatda barcha manbalar hisobidan 901,1 kilometr uzunlikdagi yo‘l, 20 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichda 747,3 milliard so‘mlik yo‘l qurilish ishlari amalga oshirildi. 517,4 kilometr ichki yo‘l hashar yo‘li bilan ta’mirlandi. “Tashabbusli byudjet” dasturining 1-2-mavsumida 145,2 milliard so‘m mablag‘ evaziga 105 ta mahalladagi 117 ob’ektda 370,1 kilometr uzunlikdagi ichki xo‘jalik yo‘llari tubdan ta’mirlandi. Maxsus dastur asosida 56 milliard so‘m mablag‘ evaziga 140,9 kilometr uzunlikdagi ichki xo‘jalik yo‘llari va 3 ta ta’mirtalab ko‘prik rekonstruksiya qilindi. “Obod xonadon, obod ko‘cha va obod mahalla” dasturi doirasida mahallalarda beton qorishmali piyodalar yo‘lakchalari ham qurilayotir.
Vohaning yo‘l infratuzilmasini tubdan yaxshilashga qaratilgan bunday ezgu ishlar aholining bu yo‘nalishdagi e’tiroz va takliflarini kamaytirgan bo‘lsa-da, hanuz davlat boshqaruv organlariga yo‘l sohasiga oid yechimini kutayotgan murojaatlar kelib tushmoqda. Jumladan, o‘tgan yil viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi va uning quyi tuzilmalari yo‘l va ko‘priklar masalalari yuzasidan 722 ta murojaat qabul qilgan. Ularning 635 tasi jismoniy, 87 tasi yuridik shaxslardan yo‘llangan.
Yo‘lsozlarning aytishicha, Boysun tumanidagi tog‘li va chekka Duoba mahallasiga olib boruvchi yo‘ldagi yaroqsiz holga kelib qolgan ko‘prik ham aholi murojaati asosida yangidan barpo etilgan.
Tumandagi 4N1613 “Boysun – Duoba” avtomobil yo‘lining 27 – 28-kilometrlari oralig‘ida joylashgan ko‘prik ko‘p yillardan buyon ta’mirtalab holatda bo‘lib, aholiga turli noqulayliklarni keltirib chiqarayotgan edi. Bu yerda uzunligi 33, eni 11, balandligi 18 metrli, ikki yonidan piyodalar o‘tishi uchun maxsus yo‘lak ham barpo etilgan yangi ko‘prik qurilib, o‘tgan yil kuzida foydalanishga topshirildi.
– Eski ko‘prik hashar yo‘li bilan qurilgan edi, – deydi mehnat faxriysi Ramazon Abdullayev. – Yigirma yilga yaqin xizmat qildi. Soyga kuchliroq sel kelsa bir tarafini yuvib, yaroqsiz holga keltirar edi. Aholi birgalashib, uni qayta tuzatguncha, xalqimiz tashvishda edi. Zamonaviy yangi ko‘prik qurilib, ishga tushirilishi bilan shu tashvish unutildi. Bu ko‘prik faqat Duobani emas, hududdagi Qayroq, Pastki Duoba va Gumatak mahallalarini ham tuman markazi bilan bog‘laydi. Endilikda bahorning kuchli yog‘ingarchiligida ham, qishning qorli-qirovli kunlarida ham tuman markaziga xotirjam qatnaymiz. Bunday e’tibor uchun davlatimizdan minnatdormiz.
Yangi ko‘prikni barpo etish uchun 4 milliard 900 million so‘m mablag‘ sarflanib, tog‘lar qo‘ynida yashayotgan 2 ming 500 dan ortiq aholiga bir olam quvonch ulashildi. Ularning hayotidan rozi bo‘lib yashashi uchun qulay sharoit yaratildi.
– O‘tgan yili kelib tushgan murojaatlarning 207 tasi ijobiy hal etildi, – deydi viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasining murojaatlar bilan ishlash va ijro intizomini nazorat qilish bo‘yicha bosh mutaxassisi Latofat Alimova. – 474 tasiga tushuntirish berildi. 33 ta murojaat tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborildi. Ayni paytda 8 ta murojaat o‘rganish jarayonida bo‘lib, ҳар bir murojaat ortida inson, hal etilishi lozim bo‘lgan muammo borligini his etgan holda ish olib borilmoqda.
Yakunlangan yil aholi murojaatlari asosida viloyatning Qumqo‘rg‘on, Sho‘rchi, Sariosiyo, Denov kabi tumanlarida yo‘l infratuzilmasi tubdan yaxshilanib, transport vositalarining harakatlanishi uchun keng, ravon yo‘llar barpo etildi. Termiz shahridagi qator ichki ko‘chalar ta’mirlandi.
– Bosh boshqarmada dispetcherlik bo‘limi faoliyat yuritadi, – deydi viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi axborot xizmati rahbari Rustam Norqulov. – Keyingi yillarda aholi asosan yilning bahor va kuz-qish mavsumida tabiiy ofatlar tufayli yo‘llarda nosozlik yuzaga kelganida yoki biror transport hodisasi ro‘y berganida va yo‘l bilan bog‘liq shu kabi holatlar kuzatilganida qo‘ng‘iroq qilib, duch kelayotgan muammosini aytadi. Takliflar bildiradi. Navbatchi dispetcher bu haqda hududdagi bo‘limlar mas’ullarini darhol xabardor qiladi. Endilikda bunday murojaatlar yil sayin kamayib boryapti. Chunki, yo‘llarda bosqichma-bosqich qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, aholiga zarur qulaylik yaratilmoqda.
Viloyat yo‘lsozlari joriy yilda hududlardagi 145,8 kilometr uzunlikdagi 47 ta yo‘lda 204 milliard 200 million so‘mlik, yettita ko‘prikda 328 milliard 700 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarishni mo‘ljallamoqda. Hashar yo‘li bilan chekka hududlardagi 418,9 kilometr ichki xo‘jalik yo‘llariga shag‘al yotqizish rejalashtirilayotir. Bu borada amalga oshirilayotgan barcha ishlar uzoq yillar e’tibordan biroz chetda qolgan yo‘l infratuzilmasini rivojlantirib, yo‘lovchilar uchun qulay sharoit yaratish va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida murojaatlarning asosiy qismini mahalliy darajada qanoatlantirib, takroriy murojaatlar ulushini keskin qisqartirishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri