Nosir Zohid — ustozlar duosini olgan ijodkor
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida yozuvchi, uyushma a’zosi Nosir Zohid tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi. Kecha doirasida muallifning "Gavhar" nomli kitobi taqdimoti ham o‘tkazildi.
Adabiy anjumanda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Prezidentimizning milliy adabiyotimizga bo‘lgan e’tibori har bir adabiy anjuman, festivallarda o‘z ifodasini topayotgani, kechagina Erkin Vohidov ijodiga bag‘ishlangan festival buning yorqin dalili ekanini ta’kidladi:
– Milliy adabiyotimiz yo‘lidagi harakatlar, ijodkorlarning mashaqqatli mehnati hech qachon beiz ketmaydi. Adabiyot oldidagi, xalqimizga ziyo ulashish borasidagi burchimiz ko‘pligini teran anglaymiz. Mutolaasiz, kitobsiz kelajak yo‘qligini Prezidentimiz ko‘p marta takrorlaydilar. Nosir Zohid ham adabiyot, xalqimiz oldidagi burchini yurakdan anglagan, ijodga mas’uliyat bilan yondashuvchi qalamkashdir. Nosir akadan bir kuni “ustozing kim?” deb so‘rashganida, “Charxiy domla” deb javob bergan ekanlar. Shunda uning katta maktabni ko‘rgani alohida e’tirof etilgandi. Bugun ishlaydigan, astoydil izlanadigan zamonlar kelganini, qalamni ezgu ishlarga safarbar etib, ijod qiladigan davrlarning qadriga yetish kerakligini Nosir Zohid teran anglashi e’tiborga molikdir, — dedi Sirojiddin Sayyid.
– Milliy adabiyotimizga yangi avlod kirib kelmoqda, – dedi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, ustoz jurnalist Ahmadjon Meliboyev. – Bu jihatlar kechagina Erkin Vohidov ijodiga bag‘ishlangan festivalda ham o‘zining yorqin ifodasini topdi. Ijodkor hozir bir daqiqaga bo‘lsa-da, yozishdan to‘xtaydigan zamon emas! Nosirjon 70 yoshda ham tinimsiz izlanayotgan, ishlayotgan ijodkordir. Umr bo‘yi ilm izlash sharqona go‘zal fazilat sanaladi. Nosirjon “Do‘rmon” ijod uyiga kelganida tinimsiz ishlaydi. Adabiyotni qismat deb bilganlar qatorida Nosirjon ham borligini alohida e’tirof etish lozim. Charxiy, Habibiy domlalarga shogird tushish har kimga ham nasib etavermaydi.
– Do‘st haqida gap aytishning mas’uliyati ham nihoyatda og‘ir ekan, – dedi taniqli jurnalist Anvar Abduvaliyev. – Nosirjonning “Nadomat” romanida real hayot, undagi bor voqeliklar ko‘z o‘ngimizda yaqqol gavdalanadi. Buning nomini esa ijodiy mahorat, deydilar. Nosirjon g‘oyat kuzatuvchan, ziyrak ijodkor. U Erkin Vohidovdek o‘zbekning buyuk shoiri bahosini olgan adibdir. Ma’lumki, Charxiy domla arab yozuvida ijod qilar edilar. Nosirjon bu yozuvlarni kirillchaga o‘girib, ko‘chirgan, ustozlar duosini olgan ijodkordir.
Aytish kerakki, muallifning "Gavhar" qissasi qishloqlik, sodda, beg‘ubor qizning shaharga o‘qishga borishi va talabalik yillarida boshidan kechirganlari haqida hikoya qiladi. Kitobdagi "Yomonning kasri" deb nomlangan qissa ham kutilmagan voqealarga boy. Unda bir ayolning achchiq qismati voqealar tasvirida aks etadi. Ushbu kitob "Yosh kuch" nashriyotida joriy yilda nashr etilgan.
Nosirjon Zohidov 1954 yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 1975 yilda Qo‘qon davlat pedagogika institutining filologiya fakultetini tamomlagan. Shundan keyin shahar, viloyat, respublika gazetalarida faoliyat olib borgan. Adibning “Tazarru” she’rlar to‘plami, “Nadomat” romani, “Qasos, “Yigit yig‘lamasin dunyoda”, “Dardi bedavo”, “Ishq mojarosi”, “Gavhar”, “Yomonning kasri” qissalari chop etilgan. “Nadomat” romani asosida yaratilgan sahna asari viloyat teatrida namoyish etilgan. Yozuvchining “Qasos”, “Yigit yig‘lamasin dunyoda” qissalari “Sharq” nashriyotida qayta nashr qilingan.
Nosir Zohid 2009 yilda “Eng ulug‘, eng aziz” Farg‘ona viloyati an’anaviy ko‘rik-tanlovida diplom bilan taqdirlangan. Adib O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi esdalik nishoni sohibi.
Tadbirda adibning ijodiy faoliyati, asarlari haqida atroflicha fikr bildirildi. Ijodkorga Yozuvchilar uyushmasining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA