Noqulay vaziyatdagi qulay yechim (+video)
Uyda “svet” yo‘q, telefon “zaryad”i o‘chdi. Nima qilish kerak?
Ayrim holatlarda muhim qo‘ng‘iroqni kutayotganimizda yoki xonadonimizda elektr chirog‘i o‘chgan paytlarda mobil telefonining quvvati kam qolib yaqin vaqtda o‘chib qolishi mumkindek vaziyatlar bo‘lib turadi. Bunday vaziyatda elektr toki yoki quvvatlash uskunasi bo‘lmasa nima qilish kerak?
Yaqinda Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga qulayliklar yaratish va ularga qo‘shimcha xizmatlarni taqdim etish maqsadida barcha metro bekatlarida mobil quvvatlash avtomatlari o‘rnatildi.
Qayd etish lozimki, ushbu mobil quvvatlovchi avtomatlari har qanday zamonaviy smartfonlarni quvvatlash uchun mo‘ljallangan aholi uchun qulay servisdir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HgAKJX0kFf4" title="Noqulay vaziyatdagi qulay yechim" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Shunisi e’tiborliki “powerbank” (smartfonlarni quvvatlovchi moslama)lar yo‘lovchilarga qulay joylarga, chiptalarni xarid qilish kassalari yoniga hamda metroning kirish yo‘laklariga o‘rnatilgan.
Mazkur xizmatdan foydalanish xizmati pullik bo‘lib, ular ta’riflar asosida belgilangan. Masalan, moslamadan foydalanib smartfoningizni bir soatga quvvatini to‘ldirish narxi besh ming so‘m bo‘lsa, bir sutkaga ijaraga olish narxi esa o‘n ming so‘m qilib belgilangan. Albatta jarayonlar plastik kartangizning raqamini kiritganingizdan so‘ng amalga oshiriladi. Mabodo fuqarolar “powerbank”ni qaytarib bermasa yoki u shikastlangan taqdirda, akkauntga ulangan kartasidan 250 000 so‘m miqdorida moddiy harajatlar yechib olinadi.
Ishga tushganiga ko‘p vaqt bo‘lmasa-da, ushbu xizmat turidan ko‘plab yo‘lovchilar foydalanishmoqda. Poytaxtimizdagi metro bekatlariga 64 ta va savdo majmualariga 27 ta ushbu qurilmalar o‘rnatilgan bo‘lib, hozircha Toshkent shahrida sinov tariqasida joriy qilinmoqda, keyinroq esa boshqa viloyatlarga ham o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
O‘tkir Alimov, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA