Noqonuniy qurilish – keltirar tashvish
So‘nggi yillarda xalqimiz hayoti va farovonligining asosi bo‘lgan yerdan oqilona foydalanish, qishloq xo‘jaligi yerlari muhofaza qilinishini ta’minlash, ularning me’yoriy qiymati hamda sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash ustuvor vazifalardan biriga aylandi.
Ammo, ming afsuski, yer resurslarini talon-taroj qilish, o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy sotish hamon uchrab turibdi.
Kadastr agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi tuman bo‘limlari, jumladan, Yangiobod va Forish tumanlarida ham soha mutaxassislari tomonidan hududlarda yer va kadastr nazorati borasida doimiy ravishda nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Joriy yilning 1 may holatiga ko‘ra Yangiobod tumani bo‘yicha 67 ta holatda jami 19,6 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi. Qonunbuzilish holatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan muammoni bartaraf etish yuzasidan yozma ko‘rsatmalar berilib, 50 ta holatda 13,6 gektar yer maydonida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlari joyida bartaraf etilib, davlat zaxirasiga qaytarilishi ta’minlandi.
Jumladan, tuman bo‘limi inspektorlari tomonidan Yangiobod mahallasi hududida yashovchi fuqaro tomonidan davlat zaxirasida bo‘lgan yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, uy-joy uchun poydevor qurganlik holati aniqlandi. Ushbu yer maydoni o‘sha fuqaro tomonidan ixtiyoriy ravishda o‘z holatiga qaytarildi.
Shuningdek, Forish tumani bo‘yicha 46 ta holatda jami 7,4 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi ma’lum bo‘ldi. Qonunbuzilish holatlarini sodir etgan shaxslarga nisbatan muammoni bartaraf etish yuzasidan yozma ko‘rsatmalar berilib, 31 ta holatda 7,2 gektar yer maydonida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlari joyida bartaraf etilib, davlat zaxirasiga qaytarilishi ta’minlandi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozim, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60-moddasi 2-qismida “Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish” fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari, mansabdor shaxslarga esa 50 baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Ushbu moddaning 3-qismida esa “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish” uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari, mansabdor shaxslarga esa 300 baravari miqdorida jarima solinishi belgilangan.
Yerga oid qonunbuzilishi holatlari har doim ham ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lmaydi. Shunday holatlar borki, ularda yer bilan bog‘liq jinoyat alomatlari kuzatiladi. Misol uchun, sug‘oriladigan yerni o‘zboshimchalik bilan egallab, unda qurilish qilganlik uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, 2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Sug‘oriladigan yerni sotish yoki uni qonunga xilof tarzda o‘zgaga berish uchun ham jinoiy javobgarlik mavjud ekanini ta’kidlab o‘tish joiz. Agar ushbu harakatlar og‘irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa, 8-10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasi qo‘llaniladi.
Kadastr organlari xodimlari tomonidan muntazam ravishda prokuratura, sud organlari, soliq idoralari, majburiy ijro byurosi kabi tegishli soha vakillari bilan hamkorlikda yer nazorati bo‘yicha amaliy ishlar olib boriladi.
Nodir Sidiqov,
Kadastr agentligi Jizzax
viloyati boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA