Noqonuniy baliq ovlovchilar jazolandi
Jizzax viloyati prokuratura organlari tomonidan Aydar – Arnasoy ko‘llar tizimida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat tadbirlari olib borilmoqda.
Bir necha kun muqaddam o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida noqonuniy baliq ovi bilan shug‘ullangan fuqarolar qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, fuqaro Tambalqul Ambalqulov (ismi-sharifi o‘zgartirildi) boshchiligida bir necha nafar fuqarolar o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda ovlash taqiqlangan jami 541 dona hajmi 37 santimetrdan kichik bo‘lgan “Oqsila” (Sudak) baliq mahsulotlarini noqonuniy tarzda ov qilgan.
Natijada muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi hayvonot dunyosiga 178 million 530 ming so‘mlik juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan fuqaro Tambalqul Ambalqulov va uning sheriklariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasi (Hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekiston Respublikasi JKning ushbu moddasi birinchi qismi “b” bandiga ko‘ra – bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirilgan holda jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi, deya ta’kidlangan.
Ha, qonun barchaga barobar, uni buzdingmi, kim bo‘lishingdan qat’i nazar qonun oldida javob berishga majbursan.
Mazkur ish yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA