Nogironlikni rasmiylashtirish tartibi qanday?
CCB Matbuot xizmati savollariga Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i Abdug‘ofur Narzullayev javob beradi.
— Nogironlikni belgilash uchun tibbiy ko‘riklar yashash joyidagi davolash-profilaktika muassasasining yo‘llanmasi bo‘yicha o‘tkaziladi.
Tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi(TMEK)ga topshirish lozim bo‘lgan xujjatlar tibbiy-maslahat komissiyasi (TMK) raisi yoki a’zolari tomonidan TMEKga taqdim etiladi. Hujjatlar ro‘yxatga olingandan so‘ng, ko‘rikdan o‘tish sanasi va vaqti ko‘rsatilgan holda talon rasmiylashtiriladi.
Organizmda funksiyaning buzilishi va hayot faoliyatining cheklanganlik darajasiga qarab, tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziluvchiga nogironlikning birinchi, ikkinchi yoki uchinchi guruhi 6 oyga, bir yoki ikki yilga belgilanishi mumkin.
Fuqaro salomatligini yaxshilash mumkin bo‘lmagan taqdirda belgilangan tartibda tasdiqlangan kasalliklar va anatomik nuqsonlar ro‘yxatiga muvofiq, nogironlik muddatsiz ham belgilanadi.
Nogironlikni belgilashning to‘g‘riligi bosh TMEK, Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi, Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi tomonidan tekshirilganda, TMEK qarorining asossizligi holatlari aniqlanganda, TMEK qarori soxta hujjatlar asosida chiqarilganda va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda muddatidan oldin qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish amalga oshiriladi.
Muddatsiz nogironligi bo‘lgan shaxslar ham yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan holatlarda qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi mumkin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi