Nogironligi bor fuqarolar xatlovdan o‘tkazilmoqda
Namangan viloyatida Prezidentimizning 2021 yil 21 dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan belgilangan chora-tadbirlar asosida shahar hokimligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, shahar tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyasi, tibbiyot birlashmasi, xalq ta’limi bo‘limi, Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi, Paraolimpiya qo‘mitasi, Nogironlar jamiyati bilan hamkorlikda ishchi guruhi tuzildi.
Ishchi guruh mahallalarda uyma-uy yurib nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan suhbatlar o‘tkazmoqda. Ularning ijtimoiy holati, muammolari atroflicha o‘rganilib, yechimi yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, layoqatidan kelib chiqib kasb-hunar o‘rganish yoki ishlash istagida bo‘lganlarni ish bilan ta’minlash, salomatligini tiklash taqozo etilayotganlarni shifoxonalarda davolash, reabilitatsiya texnik vositalari, protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlash, nogironlik maqomini olish, sport bilan shug‘ullanishiga imkoniyat yaratish kabi ko‘plab yo‘nalishlarda vazifalar belgilab olinmoqda.
Namangan shahar tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Munisa Otaxo‘jayevaning ma’lum qilishicha, hozirga qadar uyma-uy yurib 624 nafar nogironligi bor fuqaro bilan suhbat o‘tkazilgan. Ulardan 50 nafari dori-darmonga, 30 nafari davolanishga, ikki nafari nogironlik olishga, yana ikki nafari moddiy yordamga muhtojligi qayd etilgan.Nogironligi bor fuqarolarni mahallabay xatlovdan o‘tkazish ishlari davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA