Nogiron va ehtiyojmandlarga ko‘makdosh
Andijon viloyati Baliqchi tumanida tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Xalq bilan birga!” umummilliy dasturi doirasida sayyor qabul hamda “Yurakka yo‘l” xayriya aksiyasi o‘tkazildi.
O‘tkazilgan sayyor qabulda partiya yetakchilari, partiyadan saylangan deputatlar, tadbirkorlar, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, aholi hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Sayyor qabul davomida fuqarolarning turli muammo va masalalar yuzasidan murojaatlari, taklif va tashabbuslari eshitildi. Murojaat-larning aksariyati tadbirning o‘zida ijobiy hal etildi. Ma’lum vaqt va o‘rganish talab etadigan masalalar ijrosini ta’minlash, hal etish choralari belgilanib, nazoratga olindi.

Sayyor qabulda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va ayollar masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, dastur doirasidagi avvalgi o‘rganishlar davomida turli buyum va jihozlarga muhtojligi aniqlangan bir guruh nogiron shaxslarga eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, maxsus hassa va boshqa zarur texnik vositalar topshirildi.

– Xastalik tufayli yurishga qiynalaman, – deydi Baliqchi tumani Istiqlol mahallasida yashovchi, 2-guruh nogironi Fotimaxon Ismanova. – Shu bois, tadbirda menga nogironlik aravachasi berildi. Bundan juda xursandman, men kabi ko‘makka muhtoj insonlarga yordam ko‘rsatayotgan Prezidentimizga, mana shunday xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘layotgan barcha insonlarga katta rahmat.

Shuningdek, sayyor qabul davomida “Yurakka yo‘l!” xayriya aksiyasi o‘tkazilib, bir guruh ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari topshirildi.

Umuman, partiya tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Xalq bilan birga!” umummilliy dasturi, bu kabi tadbirlar aholi bilan ochiq muloqotni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish hamda har bir murojaatga mas’uliyat bilan yondashish borasidagi ishlarning amaliy namunasi bo‘lmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.