Nodavlat tele va radiokanallar faoliyatining dolzarb masalalari muhokama qilindi
Ommaviy axborot vositalari uchun Kontent tayyorlash markazida nodavlat tele va radiokanallar rahbarlari, bosh muharrirlari, ijodiy jamoalari hamda mas’ul mutasaddilar ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa tizimi orqali gibrid formatda tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning barcha hududlaridagi mahalliy nodavlat tele va radiokanallar vakillari ham onlayn tarzda ishtirok etdi.
Muloqot O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamenti tashabbusi bilan tashkil etilib, televideniye va radio sohasini rivojlantirish, jurnalistlarning kasbiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda media sohasini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbir davomida davlatimiz rahbarining Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida belgilab berilgan ustuvor vazifalar alohida e’tirof etildi.
Xususan, ommaviy axborot vositalari xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, mehnatini munosib rag‘batlantirish, sog‘lig‘ini mustahkamlash, malakasini oshirish va yashash sharoitlarini yaxshilash masalalari bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani qayd etildi.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti tomonidan ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlashga oid yangi kompleks konsepsiya hamda normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilayotgani haqida ma’lumot berildi.
Muhokamalar davomida mazkur hujjat orqali ommaviy axborot vositalari faoliyatida mavjud muammolarni aniqlash va bartaraf etish, jurnalistlarning huquqiy hamda ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, zamonaviy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, uzluksiz malaka oshirish mexanizmlarini joriy etish, yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, ijodiy faoliyatni rag‘batlantirish, shuningdek, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini yanada rivojlantirish va uning media soha vakillari hayotidagi o‘rni hamda nufuzini oshirish kabi ustuvor yo‘nalishlar nazarda tutilayotgani ta’kidlandi.
Ta’kidlanganidek, mazkur hujjat loyihasining hayotiy va samarali bo‘lishi, eng avvalo, media sohasi vakillarining amaliy tajribasi, taklif va mulohazalariga tayanadi. Shu bois davra suhbati ochiq muloqot ruhida tashkil etilib, ishtirokchilarning fikr va tashabbuslari tinglandi.
Davra suhbati davomida nodavlat tele va radiokanallar faoliyatini yanada rivojlantirish, sifatli va raqobatbardosh kontent yaratish, auditoriya ehtiyojlarini chuqur o‘rganish, raqamli platformalar bilan integratsiyani kuchaytirish, zamonaviy media texnologiyalarini joriy etish, hududiy tele va radiokanallar faoliyatida uchrayotgan muammolar hamda ularning amaliy yechimlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar yangi normativ-huquqiy hujjat loyihasini takomillashtirishda muhim asos bo‘lishi qayd etildi. Bu esa kelgusida jurnalistlarning manfaatlarini himoya qilish, tele va radio sohasining barqaror rivojlanishini ta’minlash hamda mamlakatimiz media makonini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan davra suhbati yakunida bunday muloqotlarni izchil davom ettirish, media sohasining boshqa yo‘nalishlari vakillari bilan ham uchrashuvlar tashkil etish hamda sohani rivojlantirishga oid takliflarni muntazam ravishda umumlashtirib borish yuzasidan kelishib olindi.
O‘zA