Nobel mukofoti sohibi bilan uchrashuv
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan mamlakatimizda Markaziy Osiyo universitetlari forumi tashkil etilmoqda.
Mazkur forum doirasida dunyoning yetakchi olimlari ishtirokida oliy ta’lim maskanlarida yoshlar uchun uchrashuvlar, ma’rifiy muloqotlar, ilmiy gurunglar bo‘lib o‘tmoqda.
“Yangi O‘zbekiston” universitetining Yosh iqtisodchilar jamiyati tomonidan fransiyalik olim, iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Jan Tirol bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Unda olim “Xalq farovonligiga erishish” haqida o‘z izlanishlari bilan o‘rtoqlashdi.
Jan Tirol 1980 yillardan boshlab iqtisodiyotning muayyan tarmoqlarida, bankdan telekommunikatsiya va raqamli platformalargacha monopoliyaga qarshi tartibga solish nazariyasini ishlab chiqdi.
Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan Jan Tirol jahon iqtisodiy tafakkuri elitasiga kiradi. U 1988 yilda bozor iqtisodiyoti va uni tartibga solish masalalariga oydinlik kiritgan ishlari uchun iqtisodiyot bo‘yicha 45-Nobel mukofoti sovrindori bo‘ldi.
[gallery-19730]
Jan Tirol Tuluza universiteti professori va sanoatni tashkil etish sohasida dunyodagi yetakchi mutaxassislardan biri. U o‘z ishida kompaniyalarning oligopolistik bozorlarda o‘zini qanday tutishi va to‘g‘ri tartibga solinmagani narxlarning oshishi va raqobatni bostirish kabi salbiy ijtimoiy oqibatlarga olib kelishini tahlil qiladi.
Jan Tirol o‘z faoliyatini muhandis va iqtisodchi sifatida boshlagan. Fransiya milliy ko‘priklar va yo‘llar maktabida ishlagan, shuningdek, Massachusets texnologiya institutida dars bergan.
Tirolning “Bozorlar va bozor kuchi: sanoat tashkiloti nazariyasi” nomli asosiy asari 1988 yilda nashr etilgan bo‘lib, 26 yildan so‘ng shu ishi uchun Nobel qo‘mitasi unga mukofotni topshirgan. Ushbu tadqiqot kompaniyalarning monopolistik xatti-harakatlarini va raqobatni himoya qilish uchun tartibga solish zarurligini tushunishga muhim hissa qo‘shdi.
U o‘z kitobida foydani ko‘paytirish mexanizmlari va monopolistik amaliyotlarni, shuningdek, ushbu hodisalarga qarshi kurashish usullarini tahlil qiladi.
Tirolning ilmiy faoliyati 100 dan ortiq nashr etilgan asarlarni qamrab oladi, ularning aksariyati Nobel mukofotini olishdan oldin ham mashhur bo‘lib ketgan. Uning darsliklari dunyoning ko‘plab universitetlarida, jumladan Fransiya, AQSH va Buyuk Britaniyada qo‘llaniladi. Uning iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi nafaqat ilmiy jamoatchilik, balki raqobat siyosati bilan shug‘ullanuvchi amaliyotchilar tomonidan ham e’tirof etiladi.
“Yangi O‘zbekiston” universitetida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Jan Tirol “Shaxsiy manfaatlar va ijtimoiy farovonlik o‘rtasidagi muvozanat hamda xalq farovonligiga erishish” mavzusida ma’ruza qildi.
N.Usmonova, A.Mamadaminov(surat), O‘zA