NKMK: yangi majmua ish boshladi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi oldidan
So‘nggi yillarda mamlakatimizni rivojlantirishning Harakatlar strategiyasiga muvofiq barcha soha va tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Ayni paytda 60 ming nafar ishchi-xodim mehnat qilayotgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 3,4 milliard AQSH dollarlik investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda. Qutlug‘ sanalar, bayramlar arafasida esa yangi ishlab chiqarish va ijtimoiy ob’ektlarni foydalanishga topshirish yaxshi an’anaga aylangan.
Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida NKMK Markaziy kon boshqarmasiga qarashli 7-gidrometallurgiya zavodi va “Muruntov” koni 5-navbati 1-bosqichi loyihasi asosida yangi majmua foydalanishga topshirildi.
7-gidrometallurgiya zavodi ochilish marosimida viloyat hokimi Qobul Tursunov, O‘zbekiston Qahramoni, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori Quvondiq Sanoqulov, mehnat faxriylari, tizimda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yilning dekabrida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 2021 yilda 2 ta yirik metallurgiya zavodi barpo etilishi vazifasi belgilab berilgan edi.
Bepoyon Qizilqum sharoitida zamonaviy 7-gidrometallurgiya zavodi barpo etildi.
[gallery-3558]
– O‘tgan davrda quruvchilar va mutaxassislar tomonidan ushbu zavodni qurishga, loyihaning birinchi va ikkinchi bosqichida ma’danni qayta ishlashga ixtisoslashgan to‘rtta tegirmon bloklarini ishga tushirish, eng muhimi, loyihani muddatidan oldin bajarishga erishildi, – deydi Markaziy kon boshqarmasi direktor o‘rinbosari Otabek Hasanov. – Mazkur zavod texnologik jihatdan boshqa gidrometallurgiya zavodlaridan ajralib turadi. Jumladan, korxona tarkibida oltin kam bo‘lgan ma’dan eng murakkab jarayonlar orqali, ya’ni, kislotali ishqorda qayta ishlanib, mahsulot olinadi. Kimyoviy ishlov berishda mahalliy mahsulotlar ishlatilishi mahsulot tannarxini yanada arzonlashtirish imkonini beradi. 2020 yildan boshlab zavod o‘z mahsulotini bera boshladi. O‘tgan yili korxonada 10 million tonna ma’dan qayta ishlandi.
Asosiysi, hozirgi kunga qadar mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilib, ularga to‘liq yosh kadrlar, asosan, Navoiy davlat konchilik institutini tugatgan yosh mutaxassislar ishga qabul qilindi.
Hozirda nafaqat oddiy boltlar, balki ilgari chetdan valyutaga olib kelinadigan ko‘plab dastgohlar, asbob-uskunalar, butlovchi materiallar qatorida sharli tegirmonlargacha Navoiy mashinasozlik zavodi hamda kon boshqarmalari sexlarida tayyorlanmoqda. Mazkur zavod qurilishida ham qo‘llanilgan asosiy texnologik uskunalar chet eldan sotib olinmasdan, Navoiy mashinasozlik zavodida ishlab chiqarilishi evaziga 56 million AQSH dollarga yaqin mablag‘ tejaldi.
XX asrning 50-yillarida taniqli geolog Ibrohim Hamroboyev rahbarligida olib borilgan tadqiqotlar natijasida jahon kon-metallurgiya sanoati tarixida muhim voqea – “Muruntov” oltin koni topildi. Oltin zaxiralarining ko‘pligi, rudani qazib olish texnologik sharoitlarining qulayligi uchun kon “Asr mo‘’jizasi” deb tan olindi. 2020 yil yakunlariga ko‘ra, nufuzli “KITKO” tahlil markazi tomonidan oltin qazib oluvchi yetakchi konlar bo‘yicha tuzilgan ro‘yxatda “Muruntov” koni birinchi o‘rinni egalladi. Ayniqsa, konda tik-qiyali konveyer – KNK-270 ning ishga tushirilishi kon-metallurgiya tarixida muhim yangilik bo‘ldi.
Hozirgi kunda bu kon geologlar tomonidan eng yirik oltin zaxirasiga ega kon sifatida e’tirof etilib, uning zaxirasi 4 ming tonnadan ortiq baholangan. bugungi kunda ushbu kondan yiliga 42 million tonnadan ortiq ma’dan qazib olinayotgan bo‘lsa, yaqin kelajakda bu ko‘rsatkichni 50 million tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda, ayni paytda qiymati 733,9 million dollar bo‘lgan va qariyb 1800 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beruvchi “Muruntov” konini o‘zlashtirishning V navbati” loyihasi jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
– Loyihani amalga oshirishdan maqsad, “Muruntov” konining V navbati I bosqichini belgilangan muddatda o‘zlashtirish, 2-gidrometallurgiya zavodi qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish asosida qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni ko‘paytirishdir, – deydi “Muruntov” koni davriy uzluksiz texnologiyalar kon sexi boshlig‘i Sherzod Faxriddinov. – Mazkur loyiha maydalash va uzatish punkti, qiya-magistral konveyer, ag‘darma tashish konveyeri, temir yo‘l o‘tish inshooti kabi qismlarni o‘z ichiga oladi. Maydalash va uzatish punkti avtomobil va konveyer transportining kesishmasida joylashgan bo‘lib, kon toshlarini ma’lum miqdorgacha maydalab, so‘ngra qiya magistral konveyerga uzatadi. Uning umumiy quvvati soatiga 7 ming tonnani tashkil etadi.
Barcha konveyerlar Navoiy mashinasozlik zavodida tayyorlanib, ularni yig‘ish ishlari Zarafshon qurilish boshqarmasi, “Janubsanoatmontaj” aksionerlik jamiyati hamda Markaziy kon boshqarmasi mutaxassislari va ishchilari tomonidan amalga oshirilgan.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA