Nizosiz talablarni hal etish tartiblari soddalashtiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan, shuningdek, nizosiz ishlarni hal etish tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihalari muhokama qilindi.
Xususan, nizosiz ishlarni hal etish tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi bilan nizosiz ishlarni ko‘rish jarayonlarini soddalashtirish va aholi uchun qulay mexanizmlarni yaratish ko‘zda tutilgan. Loyiha bilan Fuqarolik protsessual hamda Iqtisodiy protsessual kodekslarida sud buyrug‘i tartibida ko‘riladigan ayrim nizosiz talablarga oid ishlar doirasi qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Qayd etilganidek, qonun loyihasiga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining ming baravarigacha bo‘lgan nizosiz ishlarni notariuslar tomonidan ko‘rib chiqish tartibi joriy etilmoqda. Bunda notariuslarga ijro xatlarini ijro organlariga elektron shaklda yuborish vakolati berilmoqda. Shuningdek, ijro xatlarini rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat boji miqdorini tartibga solish nazarda tutilgan.

Qonun loyihasidagi normalar sud tizimi samaradorligini oshirish, nizosiz talablarni hal etish tartib-taomillarini soddalashtirish hamda notarial xizmatlar qamrovi va sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuningdek, fraksiya yig‘ilishida Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovning avtomobil yo‘llaridagi foto-video qayd etish vositalarining samaradorligi yuzasidan parlament so‘roviga javobi ham qizg‘in muhokama qilindi.
M.Komilova, O‘zA