Nizoli oilalar muammosiga amaliy yechim izlandi
Guliston shahrida Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tashabbusi bilan “Ajrim – yechim emas” mavzusida seminar tashkil etildi. Tadbirda jamiyatning dolzarb masalalaridan biri bo‘lgan oila mustahkamligini ta’minlash, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning salbiy oqibatlarining oldini olish, oilaviy nizolarni barvaqt bartaraf etish hamda ajrimlar sonini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Seminarda sud, prokuratura, ichki ishlar organlari, Sirdaryo viloyati Adliya boshqarmasi, Majburiy ijro byurosi viloyati bo‘limi, tuman va shahar hokimlarining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, mahalla faollari, nuroniylar, otinoylar hamda soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi psixolog koordinatori Lola Esanturdiyeva bugungi kunda yosh oilalarda uchrayotgan kelishmovchiliklar, turli sabablarga ko‘ra yuzaga kelayotgan oilaviy nizolar va ularning kelib chiqish omillari haqida atroflicha fikr bildirdi. U ayniqsa, oiladagi ziddiyatlarning farzandlar ruhiyati va tarbiyasiga salbiy ta’siriga alohida to‘xtalib, bu kabi holatlarning oldini olishda davlat idoralari, mahalla institutlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, nuroniylar hamda keng jamoatchilikning o‘zaro hamkorligini yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, seminar davomida mutaxassislar tomonidan oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, erta va yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning ehtimoliy xavflari, oilaviy nizolarni sudgacha hal etish mexanizmlari, xotin-qizlarning huquqiy himoyasini ta’minlash hamda psixologik yordam ko‘rsatish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir doirasida turli muammolarga duch kelgan xotin-qizlar uchun ochiq muloqot ham tashkil etildi. Unda ishtirokchilar o‘zlarini qiynayotgan masalalar yuzasidan mutasaddilarga bevosita murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Jumladan, 18 nafar xotin-qiz oilaviy munosabatlar, huquqiy masalalar, moddiy qiyinchiliklar hamda boshqa ijtimoiy muammolar yuzasidan murojaat qildi.
Ochiq muloqot davomida ajrim arafasida turgan bir oilaning murojaati zudlik bilan ko‘rib chiqildi. Yarashtiruv komissiyasi a’zolari shu kunning o‘zida ushbu xonadonga tashrif buyurib, er-xotin va ularning yaqinlari bilan suhbat o‘tkazdi. O‘zaro muloqot va tushuntirish ishlari natijasida oila yarashtirilib, ajrimning oldi olindi.
Oqoltin tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Shoira Qarshiboyevaga ko‘ra, tadbirning asosiy maqsadi ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar hamda turli masalalar yuzasidan murojaat qilgan xotin-qizlarning muammolarini mas’ul idoralar ishtirokida joyida hal etishdan iborat bo‘ldi.
— Tadbirning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, oilaviy muammolarni bartaraf etishga mas’ul bo‘lgan barcha tashkilotlar bir maydonda jamlandi. Jumladan, sud, prokuratura, ichki ishlar organlari, Majburiy ijro byurosi, Bandlik xizmati, Inson ijtimoiy xizmatlar markazi, FHDYO organlari va boshqa mutasaddi idoralar vakillari murojaatchilar bilan bevosita ishlashdi. Tadbir davomida aliment undirish, ajrim jarayonlari, oilaviy kelishmovchiliklar hamda boshqa huquqiy-ijtimoiy masalalar yuzasidan kelib tushgan murojaatlar har bir mas’ul tashkilot ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqildi. Fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar, amaliy tavsiyalar va zarur yo‘l-yo‘riqlar berildi, — deydi Shoira Qarshiboyeva.
[gallery-30353]
Tadbir yakunida oilalar mustahkamligini ta’minlash, ajrimlar profilaktikasini kuchaytirish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda idoralararo hamkorlikni yanada takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, belgilangan vazifalarning samarali ijrosini ta’minlash maqsadida aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan yo‘l xaritasi ishlab chiqildi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat, video), O‘zA