Nikoh va nikoh shartnomasi haqida bilasizmi?
Xalqimiz orasida nikoh va nikoh shartnomasiga bir xil tushuncha sifatida qarovchi fuqarolar ham bor. Vaholanki, bu bir xil tushuncha emas.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining “Er va xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibi” deb nomlangan 6-bobi, 29-36-moddalari ilk marotaba milliy qonunchiligimizga “Nikoh shartnomasi” tushunchasini olib kirdi. Unga ko‘ra, nikohlanuvchi shaxslarning yoki er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va er va xotin nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi nikoh shartnomasi, deb hisoblanadi. Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuzilishi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.
U to‘yga qadar tuzilsa, nikoh davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi. Nikoh davrida tuzilgan shartnoma esa u notarial tasdiqlangandan boshlab kuchga kiradi. Ushbu modda mazmunidan ko‘rinib turibdiki, nikoh shartnomasi er va xotinning mol-mulklarini va mulkiy huquqlarini bo‘lish to‘g‘risidagi kelishuvi hisoblanadi. “Nikoh” – bu yigit va qizning o‘z arizalariga asosan FHDYO organlarida ro‘yxatga olinib oila qurish maqsadida er-xotin bo‘lib yashash to‘g‘risidagi kelishuvidir.
Oila qonunchiligi FHDYO organlarida rasmiy ro‘yxatga olingan nikohni qonuniy tuzilganligini tan oladi. Diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh esa huquqiy ahamiyatga ega emas. Nikoh shartnomasi va nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma bir-biridan farq qiladi.
Nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma nikohlanuvchi shaxslarga er-xotin maqomini beruvchi, oilaviy huquq va majburiyatlar keltirib chiqaruvchi, FHDYO organi tomonidan beriladigan qonuniy nikohning mavjud ekanligi fakti hisoblanadi. Ya’ni, turmush qurish istagida bo‘lgan shaxslar FHDYOga murojaat qiladilar va ariza berganlaridan keyin bir oy o‘tgach, ularning nikohi tuzilgan hisoblanib, ularga nikoh tuzilganligi to‘g‘risida guvohnoma beriladi.
Nikoh shartnomasi esa aynan er-xotin tomonidan emas, balki hali oilaviy munosabatlari vujudga kelmagan nikohlanuvchi shaxslar tomonidan ham tuzilishi mumkin bo‘lgan kelishuvdir. Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanadi.
Oila kodeksiga asosan, “Nikoh shartnomasi” tuzish ixtiyoriy hisoblanadi va uni tuzishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Nikoh shartnomasini tuzish tomonlar, ya’ni er va xotin uchun mulkiy huquq va majburiyatlarni keltirib chiqaradi. Milliy qonunchilikka asosan nikoh davrida topilgan barcha narsa birgalikdagi mulk sanaladi.
Ammo nikoh shartnomasining o‘ziga xos jihati shundaki, ushbu qoida tomonlarning xohish-istagiga qarab o‘zgartirilishi mumkin. Qoida tariqasida nikoh shartnomasining maqsadi mulkni alohida yoki ulushga almashtirish hisoblanadi. Shuningdek, mulkning ayrim turlari yoki muayyan daromadlar bo‘yicha munosabatlar ham o‘zgartirilishi mumkin. Ya’ni birgalikda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini belgilab olish, nikohdan ajralganda er va xotindan har biriga beriladigan mulkni aniqlab olish nikoh shartnomasida aks ettiriladi.
Misol uchun tadbirkorlik faoliyatidan kelib tushadigan daromad ushbu faoliyatni amalga oshirayotgan er-xotindan biriga yoki tomonlar ajrashganidan so‘ng kvartira xotinga, mashina erga tegishli bo‘ladi. Nikoh shartnomasi er va xotinning mavjud mol-mulkiga nisbatan ham, bo‘lg‘usi mol-mulkiga nisbatan ham tuzilishi mumkin. Nikoh shartnomasida er va xotin ro‘zg‘or uchun qilinadigan xarajatlarni kim to‘lashini, bir-biriga beradigan ta’minot miqdorini, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanilsa, uni boshqarish, egalik qilish va turli xil shartnomalar tuzish huquqlari kimda bo‘lishini, shuningdek, nikoh davrida ham, nikohdan keyin ham mulkiy munosabatlarni belgilab olishlari mumkin.
Bugun nikoh shartnomasi haqida salbiy fikrlovchi fuqarolarimiz ham bor. Ayrim fuqarolarning fikricha, bu faqat mulkiy manfaatni ko‘zlaydigan, oilaviy qadriyatlar, an’analarimiz buzilishiga olib keladigan amaliyot sanaladi. Boshqalar esa ayniqsa tadbirkor nikoh shartnomasi bugun juda kerakli kelishuv ekanligini aytmoqda. Huquqshunoslar fikriga ko‘ra, nikohlanuvchilar nafaqat o‘zi, balki farzandlari, ularning kelajagini o‘ylab ham nikoh shartnomasi tuzishlari kerakligini ta’kidlaydi.
Xulosa qilib aytganda, nikoh erkak va ayol o‘rtasidagi muqaddas rishta bo‘lib, nikoh shartnomasi esa muqaddas nikohning bardavomligini ta’minlashga, er va xotinning mulkiy huquq hamda manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan o‘zaro kelishuvdir. Zero bu kelishuv er va xotinning boshqa shaxslarning aralashuvisiz o‘zaro xohish irodasiga asoslangan.
Iroda Qahhorova, O‘zA