News Alert Ghana: xorijiy jurnalistlar O‘zbekistondagi o‘zgarishlar haqida fikr bildirdi
Gananing “News Alert Ghana” nashri xorijiy jurnalist va ekspertlarning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, iqtisodiy va ijtimoiy islohot hamda mamlakatning xalqaro maydonda yuksalib borayotgan o‘rni haqidagi fikrlarini e’lon qildi.
““Yangi O‘zbekiston xorijlik jurnalistlar nigohida” (“New Uzbekistan through the eyes of foreign journalists”) sarlavhali materialda Bangladesh, Kamboja, Gana va Belarus jurnalistlarining mamlakatimiz haqidagi qarashlari jamlangan.
“The Financial Express” iqtisodiy nashri yetakchi muharriri Muhammad Mufazzal Husayn yurtimizdagi iqtisodiy islohotlar tashqi dunyo bilan ochiq hamkorlik siyosatiga uyg‘un olib borilayotganini ta’kidlagan.
Uning fikricha, O‘zbekiston yangi bozor, investitsiya, transport yo‘laklari va mintaqaviy savdo aloqalarini kengaytirishga intilmoqda. Jurnalist respublikamizning qo‘shni davlatlar bilan savdo va transport bog‘liqligini kuchaytirishga qaratilgan yondashuvi butun mintaqa uchun yangi imkoniyatlar yaratayotganiga urg‘u bergan.
“Khmer Times” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Chamrong Nean esa O‘zbekistonda tarixiy meros va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unligiga e’tibor qaratgan. Ijodkor aytishicha, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi qadim kentlar mamlakatning boy tarixini namoyon etishi, infratuzilma, turizm, ta’lim va madaniy almashinuvga e’tibor davlat zamonaviy taraqqiyot yo‘lidan dadil borayotganini ko‘rsatadi. Xususan, Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari uchun O‘zbekiston tobora qiziqarli hamkorga aylanmoqda.
“EIB Network” telekanali muxbiri Fransisk Ekov Annan O‘zbekistonda inson kapitali va yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar mavzusiga alohida e’tibor bergan.
Maqolada ta’kidlanishicha, ta’lim, kasb-hunar, raqamli ko‘nikma va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash yoshlar salmog‘i yuqori mamlakatlar uchun muhim ahamiyatga ega. Jurnalist O‘zbekistonning Osiyo, Yevropa, Afrika va boshqa mintaqalar bilan aloqalarini kengaytirishga intilayotganini ham ijobiy omil sifatida baholagan.
“Mir” telekanalining Minskdagi vakolatxonasi radio studiyasi bosh muharriri Irina Martyanova so‘nggi yillarda O‘zbekistonda jamiyat, davlat idoralari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi muloqot tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidlagan.
Ya’ni, axborot maydoni faollashuvi – mamlakatdagi yangilanishlarning muhim belgilaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda. Jurnalist O‘zbekistonning MDH va Yevrosiyo makonidagi o‘rnini ham qayd etib, respublika an’anaviy hamkorlik aloqalarini saqlagan holda yangi xalqaro yo‘nalishlarni ham rivojlantirayotganini bildirgan.
D.HAKIMOV,
O‘zA