Nazariy bilim amaliyotda mustahkamlanmoqda
2024-yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili
Behruz Raimov 2022-yilda Navbahor tumanidagi 14-umumta’lim maktabini tamomlagach, Uchquduq sanoat texnikumida o‘qishni davom ettirishni xohladi. Hozir 2-bosqichda ta’lim olmoqda.
Ma’lumki, ta’lim, fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiya jarayonini chuqurlashtirish ishlab chiqarish sanoati uchun ijobiy natijalar beradi. Ana shu maqsadda Shimoliy kon boshqarmasida iqtisodiyotning turli jabhalari uchun malakali mutaxassislar tayyorlab berayotgan ta’lim muassasalari bilan hamkorlik keng yo‘lga qo‘yilgan. Ana shulardan biri Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Uchquduq sanoat texnikumidir. Bu yerda ta’lim olayotgan yoshlarning ko‘pchiligiga korxona o‘zining asosiy mahalliy ishchi-xodimlari sifatida qaraydi.

– Hozir ta’mirlash mexanika sexida amaliyot o‘tamoqdaman, – deydi Behruz. – Korxonaga kelganimga 4 oy vaqt bo‘ldi. Kelgan kunimizda bizga ustozlar biriktirildi. Ustozlarimiz korxonalarda ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan uskunalarni sifatli qilib payvandlash sir-asrorlarini qunt bilan o‘rgatib kelishmoqda. Amaliyot davrida shu narsaga qaror qildimki, texnikumni tugatgach, albatta, shu yerda ish faoliyatimni davom ettiraman va ustozlarim singari yetuk, o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lib yetishaman.
O‘quv dargohidagi pedagog va ishlab chiqarish ustalari qatori Shimoliy kon boshqarmasida faoliyat yuritayotgan sohaning yetuk mutaxassislari o‘z ixtisosliklari bo‘yicha o‘quvchilarga dars va o‘quv amaliyotlarini o‘tishadi.

Doston Hamroyev ham Uchquduq sanoat texnikumini bitirib, shu yerga tokar bo‘lib ishga qabul qilingan edi. Ustozlar o‘giti, o‘zidagi izlanish va harakat tufayli mana o‘n ikki yildirki, Kon jihozlarini ta’mirlash sexida usta lavozimida faoliyat yuritadi. Bugun uning atrofida o‘zi o‘qigan ta’lim muassasidan kelgan yoshlar kasb sirlarini o‘rganishmoqda.
– Men ham o‘quvchilik yillarimda mazkur sanoat korxonasiga amaliyot o‘tash uchun kelgandim, – deydi Doston Hamroyev. – Ish jarayoni, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, ishchilarning bir-biriga bo‘lgan munosabatini ko‘rib, shu yerda ishlashni niyat qilgandim. Niyatlarim amalga oshib, mana o‘n ikki yildirki, shu yerdaman. Korxonamizda o‘quvchilarni ish bilan ta’minlash, ularning o‘z ish joylarida qo‘nimliligi va malakalarini oshirib borishiga qulay imkoniyat yaratish maqsadida malakali ustozlarni biriktirish orqali “Ustoz-shogird” an’anasini davom ettirish ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Bir vaqtlar o‘zim shogird edim. Hozir esa bir nechta yoshlarga ustozlik qilayapman. Kasbimning sir-asrorlarini qo‘limdan kelgunicha o‘rgatib kelmoqdaman.

Bugungi kunda Shimoliy kon boshqarmasida o‘quvchilar korxonaning turli bo‘linmalarida o‘z kasb va mutaxassisliklari bo‘yicha ishlab chiqarish va diplomoldi amaliyotlarini o‘tashi tashkil etilgan. Hozir 100 nafardan ortiq bitiruvchi yosh diplomoldi amaliyotlarini aynan mazkur boshqarmaning korxona va tashkilotlarida olib borishmoqda.
– Yoshlarimizning yurtimizdagi ixtisoslashgan korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashi, albatta, ularga hayotidagi muhim bosqichga qadam qo‘yish hamda o‘z professional faoliyatini boshlashi uchun imkoniyat yaratadi, – deydi Uchquduq sanoat texnikumi direktori Sherzod Nazarov. – Aslida iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda o‘qitishning amaliy tavsifi mehnat bozorida yoshlar raqobatbardoshligini oshirishning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi. Ta’lim muassasalari bilan korxonalarning integratsion aloqalari jarayoni iqtidorli talabalarni tanlab olish va ularni o‘qishni tugatganidan so‘ng ishga qabul qilishga imkon beradi. Bugun Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning zamirida ham ana shunday g‘oya bor. Ayni vaqtda texnikumda 13 ta mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Dual ta’limi esa biz uchun shu o‘quv yilidan yangilik bo‘ldi.

Olis Uchquduq tumanidagi ta’lim muassasasida ta’lim olayotgan yoshlar uchun eng katta ish beruvchi Shimoliy kon boshqarmasi hisoblanadi. O‘tgan ikki yilda o‘quv muassasasining yuz nafarga yaqin bitiruvchisi aynan shu yerga ishga qabul qilingan.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri