Navro‘z shukuhi davom etmoqda
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan vodiydagi yirik sanoat ishlab chiqarish ob’ekti – “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi” korxonasida yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘zi olam munosabati bayram tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Stansiya kasaba uyushmasi qo‘mitasi, xotin-qizlar kengashi, yoshlar tashkiloti yetakchisi, faxriylar kengashi a’zosi va ma’naviyat-ma’rifat targ‘ibotchisi hamkorligida tashkillangan bayramda, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalarga mehr-muruvvat va saxovat ko‘rsatildi. Bahor taomi – sumalak pishirilib, barcha xodimlarga tarqatildi.

Korxona rahbariyati tabrigida barcha ishchi-xodimlar muqaddas qo‘shaloq bayramlar bilan qizg‘in qutlanib, ularga sog‘lik-salomatlik va mehr-oqibat, tinchlik-xotirjamlik, oilalariga fayz, baraka tilandi.
Stansiya xodimlari turar-joy majmuasi hovlisida Ramazoni sharif oyida uyushtirilgan iftorlik dasturxoniga bahoriy noz-ne’matlar tortildi. Milliy liboslar festivali, tarkibiy bo‘linmalar jamoalari orasida osh chempionati o‘tkazildi. Stansiya ishchilari tomonidan bir vaqtda o‘n ikki qozonda turli usulda tayyorlangan palovxonto‘ra tadbirga yig‘ilgan barchaga xush kayfiyat, zavq bag‘ishladi. Hakamlar hay’ati a’zolari har bir jamoaning bayram dasturxoni va tayyorlangan palovga munosib baho berdi.

– Serquyosh yurtimizga bahor fasli kirib kelishi bilan bayram ustiga bayramlar ulanib ketadi. Ramazon yurtimizga olib kirgan bahor fasli debochasida Xalqaro xotin-qizlar kuni nishonlangan bo‘lsa, Navro‘zi olam arafasida xalqimizning milliy qadriyatlaridan biri bo‘lgan hashar stansiyamizda faollik bilan tashkillandi. Mana endi Navro‘zi olamni ko‘tarinki yutuqlari bilan nishonlayapmiz, – deydi “To‘raqo‘rg‘on IES” korxonasi xotin-qizlari kengashi raisi Hulkar Ismonova.
Tadbirlar yakunida, g‘olib va sovrindor jamoalar, faol ishtirokchilar kasaba uyushmasi qo‘mitasining qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA