Navro‘z shodiyonalari dillarga ezgulik ulashdi
Yangilanish, yasharish ayyomi – Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tadbir Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazida “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida sumalak sayli bilan boshlandi. Unda ishtirokchilar ulusning ulug‘ kuni Navro‘z bayramida xalqimizga tinchlik, totuvlik, hamjihatlik tilab, yaxshi niyatlar bilan sumalak taomini tayyorladi. Unda Pedagogik mahorat markazi jamoasi hamda kafedra va bo‘lim boshliqlari, professor-o‘qituvchilar, tinglovchilar bayram ishtirokchilarining quvonchiga sherik bo‘ldi va o‘zlarining ezgu tilaklarini bildirdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining joriy yil 21 fevraldagi “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada keng nishonlanmoqda. Mamlakatimizda turli sohalarda, jumladan, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar Navro‘zning insonparvarlik, azaliy qadriyat va an’analariga hamohang ekanligi qayd etildi. Bayram arafasida barcha hududlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Bularning barchasi jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo do‘stlik va totuvlikning, yurtimizda yashayotgan turli millat va elatlar vakillarining milliy urf-odatlari, an’ana va qadriyatlarini keng namoyish qilinishining samarasi ekanligi alohida ta’kidlandi.
[gallery-22370]
Bayram tadbirida milliy taomlar, ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan uy-ro‘zg‘or buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, milliy sport o‘yinlari o‘tkazildi. Pedagogik mahorat markazi jamoasi va tinglovchilar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi. Ochiq osmon ostida o‘tkazilgan konsert dasturi barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan xalq saylida ishtirokchilar milliy kuy-ohanglar og‘ushida har bir kafedra tomonidan bir-birini takrorlamaydigan tarzda tayyorlangan milliy taomlar va buyumlar, turli hunarmandchilik namunalari o‘rin olgan ko‘rgazmalarni tomosha qildi.
Erta tongdan sumalak tayyorlangan katta doshqozon professor-o‘qituvchilar ishtirokida ezgu niyatlar bilan ochildi. Yoshi ulug‘ ustozlar fotihaga qo‘l ochib, ezgu tilaklarini bildirdi.
Bayram tadbiri doirasida o‘tkazilgan sport musobaqasi, turli tanlovlar g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. Pedagogik mahorat markazi o‘tkazilgan Navro‘z turli millat vakillarining qadim an’analarini ulug‘lash, targ‘ib etish bilan birga, jamoadagi ahillik, hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA