Navro‘z sayllari davom etmoqda
Urganch davlat pedagogika institutida “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida yurtimizning eng go‘zal milliy an’analarini o‘zida mujassam etgan Navro‘z sayli ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Bahor ayyomiga bag‘ishlangan saylda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va respublikamizning barcha viloyatlariga xos milliy qadriyat va urf-odatlarning namunalaridan ko‘rgazmalar, an’analarimizni o‘zida namoyon etuvchi sahnaviy chiqishlar, milliy qo‘shiqlardan iborat konsert dasturi, milliy sport o‘yinlari hamda milliy taomlar namoyishi ko‘pchilikka ma’qul bo‘ldi.
– Biz turkmanlar ham hayotimizni bahorsiz, Navro‘zsiz tasavvur qilolmaymiz, – deydi filologiya va tarix fakulteti talabasi Nurana Bashimova. – Bahor faslida nafaqat tabiat, balki o‘zimiz ham yangilanamiz. Navro‘z O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlar uchun birdek sevimli va eng qadrli bayramlardan biridir. O‘zbek va turkman xalqlarining tarixi va madaniyati mushtarak, urf-odat va an’analari o‘xshash. Bayram dasturxoniga to‘g‘rama, qovurdaq turkman milliy taomlaridan tayyorladik.
[gallery-22518]
Katta doshqozonda Navro‘z bayramining tansiq taomi sumalak tayyorlandi. Tosh ko‘tarish, arqon tortish, stol tennisi, shaxmat, lanka, chullak, armresling kabi sport musobaqalari o‘tkazildi. Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur ham tashkil etildi.
Shuningdek, sayl davomida “Zamonaviy pedagogik texnologiyalar orqali ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘qitish: muammolar va innovatsion yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda faol ishtirok etgan bir qator olimlar taqdirlandi.
Milliy atlas va adras liboslari, turli millat xalq hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi hamda milliy qo‘shiqlarimizning eng sara durdonalarini o‘zida mujassam etgan konsert dasturi barchaga birdek manzur bo‘ldi.
Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari