Navro‘z ezgulikka chorlaydi
Tabiatning uyg‘onishi, orziqib kutilgan bahor ayyomining tarovati har bir qalbga benazir tuyg‘ularni hadya etib,ezgulikka chorlaydi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan Navro‘z bayrami arafasida ezgu amallarni bajarish an’anaga aylangan. Navro‘zning betakror qadriyatlaridan bo‘lmish mehr-oqibat, xayru saxovat, ko‘makka muhtoj insonlarga beminnat yordam berish alohida o‘rin tutadi desak xato bo‘lmaydi.
Zero, Navro‘zning ruhi va g‘oyalari ham har bir insonni e’zozlab, dardiga darmon bo‘lish, qalbiga mehr-muhabbat urug‘ini sochishga da’vat etadi. Kombinat faollari tomonidan bayram arafasida Olmaliq shahrida istiqomat qiluvchi 2 nafar Ikkinchi jahon urushi va 19 nafar mehnat fronti faxriylariga, 58 nafar baynalmilal jangchilarga, 4 nafar Chernobil AES falokatini bartaraf etishda ishtirok etganlarga 9 xil turdagi oziq-ovqat jamlanmalari tuhfa etildi. Shuningdek, 154 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj pensionerlar va 31 nafar boquvchisini yo‘qotgan yurtdoshlarimiz shunday bayram sovg‘alaridan bahramand bo‘lishdi. Bundan tashqari, kombinat homiyligiga olingan maxsus muassasalarda ham bayram tadbirlari tashkillashtirilmoqda.

Xususan, Olmaliq shahridagi 80-sonli kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab internati, Angren shahar 34-sonli maxsus internat maktabi, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi "Saxovat" uyi, Olmaliq shahar 6-sonli yordamchi ixtisoslashtirilgan maktabi, Ohangaron tumanidagi “Saxovat” va “Muruvvat” uylari, Piskent tumani 79-sonli ixtisoslashtirilgan maktab internati kabi muassasalarda ham OKMK xomiyligida bayram dasturxoni yozilib, bayram tadbirlar o‘tkazildi.
Kombinat yoshlari va kasaba uyushmasi qo‘mitasi faollari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj keksalar, pensionerlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz qariyalar, kam ta’minlangan boquvchisini yo‘qotgan oilalarning uy-joylarida tashkil etiladigan xayriya hasharlarini ham alohida ta’kidlash joiz. Shuningdek,Navro‘z bayrami munosabati bilan 141 nafar kombinat ishchi-xodimlari uchun imtiyozli narxlarda Farg‘ona va Buxoro viloyatlariga sayyohat tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
OKMK va O‘zbekiston Respublikasi Konchilik va metallurgiya sanoati faxriylar Kengashi Olmaliq shahar hududiy bo‘limi bilan hamkorlikda Olmaliqdagi «Marhamat» tantanalar saroyida kombinat mehnat faxriylari uchun tashkil etilgan Navro‘z bayrami tadbiri ham nuroniy otaxon va onaxonlarga manzur bo‘ldi.
OKMK Axborot xizmati
O‘zA