Navoiyshunoslar Navoiyda jam bo‘lishdi
Navoiy shahrida “Alisher Navoiy va Sharq Renesansi” mavzusida IV xalqaro simpozium bo‘lib o‘tmoqda.
Davlatimiz rahbari 2024 yil 31 oktyabr – 1 noyabr kunlari viloyatga tashrifi davomida buyuk bobomiz nomi bilan ataladigan Navoiy viloyati ma’naviy tarbiya, ma’rifiy yuksalish yo‘lida barchaga o‘rnak bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, 2025 yilni viloyatda “Alisher Navoiy yili” deb e’lon qilishni taklif etgan edi. Ushbu tashabbus doirasida respublika tanlovi va navoiyxonlik kechalari o‘tkazilishi, yoshlarbop kitoblar chop etilishi, shoir asarlari bo‘yicha filmlar tayyorlanishi, Yangi Navoiy shaharchasida muhtasham haykal va muzey barpo etilishi g‘oyasi ilgari surilgandi.
G‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur simpoziumda dunyoning 20 ga yaqin davlatidan tashrif buyurgan navoiyshunos olimlar hamda respublikamizning barcha hududlaridan taniqli professor-o‘qituvchilar, ijodkor ziyolilar, ma’naviyat sohasi fidoyilari ishtirok etdi.
Anjumanning yalpi majlisi avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov davlatimiz rahbarining simpozium ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib berdi.
Prezident tabrigida ta’kidlanganidek, “Bu mumtoz siymo jahon adabiyoti mezonlariga, zamon va tarix sinovlariga to‘la javob beradigan durdona asarlar yaratib, nafaqat o‘zbek, balki barcha turkiy adabiyotlar rivojiga beqiyos hissa qo‘shgani ham yuksak hayrat va tahsinga munosibdir.
...Ayniqsa, mutafakkir ajdodimizning turli xalqlar o‘rtasida tinchlik va do‘stlikni mustahkamlash, bashariyatning yorug‘ kelajagini birgalikda qurishga chorlaydigan g‘oya va qarashlarining ahamiyati hozirgi tahlikali davrda tobora ortib bormoqda.
Bugungi kunda biz Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansni barpo etish jarayonlarida Alisher Navoiy asarlarini o‘zimiz uchun bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrat va ilhom manbai deb bilamiz. Shu bois bu noyob ma’naviy boylikni chuqur o‘rganish va targ‘ib etish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi”.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar hozirgi globallashuv davrida ma’naviy taraqqiyotga erishish, ajdodlarimiz yaratgan betakror ilmiy-ijodiy merosni chuqur o‘rganish, uni xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ongiga singdirish muhim ahamiyatga ega ekanligiga alohida to‘xtaldilar.
– Shoir nomi bilan ataluvchi Navoiy viloyatida bunday yirik anjumanning o‘tkazilishi buyuk so‘z san’atkoriga bo‘lgan cheksiz ehtirom ifodasidir, – deydi navoiyshunos olim, Ozarbayjon Milliy ilmlar akademiyasi Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti Ozarbayjon-Osiyo adabiy aloqalar bo‘limi mudiri Bedirhan Ahmedli. – Bu ulug‘ zotning asarlari Ozarbayjon shoirlari uchun ham ilhom manbai bo‘lib kelgan. Bizning yurtda yashab ijod etgan qator shoirlar ijodida buyuk mutafakkirning ulkan ta’sirini sezish qiyin emas. Bizda uning asarlari tarjima qilinib, sevib o‘qiladi. Bugungi tadbirda “Alisher Navoiy ijodi zamonaviy Ozarbayjon adabiyotshunosligi kontekstida” nomli ma’ruzam bilan ishtirok etmoqdaman.
Albatta, Navoiy ijodini o‘rganish va uni targ‘ib etish bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Buyuk mutafakkir asarlari turli tillarga mukammal tarjima qilinayotir.
AQSHning Prinston universiteti professori Said Rizo Huseyniy va Anqara shahridagi Boshkent universiteti professori Abdurahmon Guzel “Navoiy shahar faxriy fuqarosi” deya e’tirof etilib, ularga buni tasdiqlovchi hujjatlar topshirildi.
– Navoiy shahriga birinchi bor kelishim. Shaharning go‘zalligi va odamlarining mehmonnavozligi menga juda yoqdi, – deydi Said Rizo Huseyniy. – Hozir AQSHning Prinston universitetida dars beraman va tadqiqotlar bilan shug‘ullanaman. Buyuk ipak yo‘lining insoniyat tamaddunidagi ahamiyati borasida tadqiqot olib bormoqdaman. Bu hudud Buyuk ipak yo‘li markazida joylashgan. Bugungi Alisher Navoiy nomi bilan bog‘liq anjumanning ham aynan shu yerda tashkil etilishida ham ramziy ma’no bor. Bugun bu yerda ko‘rgan va eshitganlarimning tadqiqotlarimga foydasi tegadi, deb o‘ylayman.
Kunning ikkinchi yarmida simpozium ishtirokchilari guruhlarga bo‘lingan holda tadbirlarda ishtirok etishdi. Jumladan, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida “Respublika oliy o‘quv yurtlarida Alisher Navoiy ijodini o‘qitishni yanada takomillashtirish” masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Navoiy davlat universitetida esa simpoziumning shu’ba yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.
Navoiyshunos olimlar 6 ta shu’baga bo‘linib, buyuk mutafakkir ijodini o‘rganishda erishilgan yutuqlar va yechimini kutayotgan masalalar xususida fikr almashdilar. Jumladan, muloqotlarda “Jahon navoiyshunosligi: kecha, bugun, ertaga”, “Sharq Renesansi: fan, adabiyot va madaniyat”, “Alisher Navoiy va jahon tilshunosligi”, “Alisher Navoiy va adabiy ta’sir masalalari”, “Alisher Navoiy: adabiyot, ma’naviyat va sharqona tafakkurning abadiy sarchashmasi”, “Alisher Navoiy ijodiy merosi: ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifat mushtarakligi” mavzularida so‘z yuritildi.
– Navoiy nomi bilan ataluvchi shaharda xalqaro konferensiya o‘tkazilayotgani shoir nomiga bildirilgan hurmat-ehtirom namunasidir, – deydi turkiyalik navoiyshunos olim Vaxit Turk. – Turkiyada Navoiy asarlariga alohida e’tibor bilan qaralib, turk tiliga tarjima qilingan va qilinmoqda. Mening o‘zim ham uning 12 ta asarini o‘rganib, tarjima qildim. Tadqiq qilmoqdaman. Yoshlarimiz ham Navoiy hayoti va ijodini keng o‘rganishga qiziqishmoqda. Navoiy butun turk xalqining qutb yulduzi. Bugungi tadbirda “Alisher Navoiy ko‘ngil shoiri” mavzusida ma’ruza o‘qidim.
Simpozium davomida taniqli olimlar, ijodkorlar viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari, ta’lim muassasalari, mahalla va ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lishib, navoiyxonlik, adabiyot va kitobxonlik kechalarida ishtirok etishdi.
– Jahon ilm-fani taraqqiyotiga mislsiz hissa qo‘shgan ikki Renessans davrida yurtimizdan chiqqan olim va mutafakkirlarning ilmiy kashfiyotlari, adabiyot va san’at ahli tomonidan yaratilgan betakror ijod namunalari ro‘yxatining o‘zi bir necha jildlik kitobni tashkil etishi ayni haqiqatdir, – deydi Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori Olimjon Davlatov. – Ayni vaqtda ushbu ulug‘ zotlarning orasida javohirlar shodasida o‘zgacha yog‘du taratuvchi Ko‘hinur olmosidek alohida ajralib turadigan bir siymo borki, u – turkiy xalqlarni birlashtiruvchi ma’naviyat yalovbardori, o‘zbek mumtoz adabiyotining asoschisi Hazrat Mir Alisher Navoiydir.
Darhaqiqat, Mavlono Abdurahmon Jomiy “zamon va makonni o‘z izmiga bo‘ysundirgan zot” deya ta’riflagan, Zahiriddin Muhammad Bobur esa “benazir shaxs” deya yuksak baho bergan mumtoz shoir bobomizning shaxsiyati va ijodi besh asrdan ortiq muddatda sog‘lom tafakkur sohiblari uchun komillik mayog‘i va mahorat maktabi vazifasini o‘tab kelmoqda. Uning ibratli hayoti, bunyodkorlik ishlari, mamlakat tinchligi va obodligi yo‘lidagi jasorati va himmati, ilm-fan, san’at va madaniyat ahliga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligi qanchalik ibratli bo‘lsa, har jihatdan hayratlanarli ulkan ijodiy merosi ham bebaho sarchashma hisoblanadi. Mutafakkir shoir haqiqat va adolatning oddiy targ‘ibotchisigina emas, balki faol kurashchisi bo‘lgani sababli, uning asarlarida o‘zining badiiy ifodasini topgan xulosa va kuzatuvlar, mushohada va mulohazalar o‘zining haqqoniyligi va hayotiyligi bilan bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini zarracha yo‘qotgan emas.
“Alisher Navoiy va Sharq Renesansi” mavzusidagi IV xalqaro ilmiy-nazariy simpozium davom etmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat),
O‘zA muxbirlari