Navoiyning oltin merosi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida rus milliy madaniy markazi bilan hamkorlikda "Alisher Navoiyning oltin merosi" mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur qo‘mita raisi Rustambek Qurbonov va boshqalar yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni milliy adabiyotimizning eng sara namunalaridan bahramand etish masalasi doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 19 oktyabrdagi "Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qaroriga asosan joriy yilda alloma bobomiz merosini o‘rganishga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi.
Anjumanda qayd etilganidek, Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nainki xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egalladi.
So‘nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Shoir tug‘ilgan qutlug‘ 9 fevral sanasi har yili adabiyot va ma’rifat bayrami sifatida keng nishonlanayapti. Ulug‘ so‘z san’atkorining asarlari muntazam nashr etilib, navoiyshunoslik sohasida ko‘plab tadqiqotlar olib borilmoqda, respublika va xalqaro miqyosda ilmiy anjumanlar o‘tkazilmoqda.
Ulug‘ bobomiz asarlarida komil inson, tinchlik va hamjihatlik, insonparvarlik g‘oyasi ustuvor o‘rin egallaydi. Ayni paytda uning dostonlari qahramonlari turli millat vakillari ekani Navoiy dahosining barcha xalqlar, elatlarga bir xil va teng munosabatda bo‘lganidan darak beradi. Hali hanuz Navoiyning ummon kabi tengi yo‘q merosidan nafaqat xalqimiz, balki butun insoniyat bahra olmoqda.
Anjumanda Navoiy ijodidan namunalar o‘qildi. Teatrlashtirilgan musiqiy dastur namoyish etildi.
N.Usmonova,
O‘zA