Navoiyda talabalar ichki ishlar organlari faoliyati bilan tanishdi
Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Navoiy davlat universiteti talabalari uchun ochiq eshiklar kuni tashkil etildi.
Tadbirda viloyat prokurori va Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i yoshlar bilan muloqot qilib, ularning bilim olishi, kasb egallashi va o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida so‘z yuritdi.
Shundan so‘ng talabalar boshqarma faoliyati, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat vazifalari va ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryad, maxsus otryad hamda Ekspert-kriminalistika markazi xodimlari faoliyatiga oid ko‘rgazmalar tashkil etildi. Ularda xizmat davomida foydalaniladigan maxsus vositalar, qurol-aslahalar, jangovar va maxsus transport vositalari namoyish qilindi.
Yoshlar 102 Vaziyatlar markazi va navbatchilik qismida ham bo‘lib, murojaatlarni qabul qilish, tezkor axborot almashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash jarayonlari bilan tanishdi.
Shuningdek, talabalar ichki ishlar organlarining tarixi va bugungi faoliyatini aks ettiruvchi muzey hamda o‘zbek va jahon adabiyoti namunalari jamlangan kutubxonani ko‘zdan kechirdi.
Ayniqsa, kinologlar va xizmat itlari ishtirokida o‘tkazilgan amaliy ko‘rgazmali mashg‘ulotlar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ularda jinoyat sodir etgan shaxsni qo‘lga olish, giyohvandlik vositalarini aniqlash va iz qidirish bo‘yicha xizmat itlarining imkoniyatlari namoyish etildi. Talabalar ham ayrim amaliy jarayonlarda bevosita ishtirok etdi.
[gallery-32129]
Mazkur tadbir yoshlarni ichki ishlar organlari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ularning huquqiy bilimlarini boyitish, kasbga qiziqishini oshirish hamda vatanparvarlik va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA