Navoiyda g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari davom etmoqda
Shu kunlarda Respublikamizning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi Navoiy viloyatida ham g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Joriy yil hosili uchun viloyatda 865 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 31 ming 714 gektar maydonga boshoqli don ekilgan bo‘lib, davlatga 105 ming 563 tonna g‘alla topshirish rejalashtirilgan.
O‘rim-yig‘im ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida hududlarda klaster va don qabul qilish shoxobchalari mutaxassislari va mutasaddilar ishtirokida seminarlar o‘tkazildi. Ularga hosilni betalafot yig‘ib olish, donni qabul qilish va saqlash jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi
O‘rim mavsumiga 107 ta zamonaviy kombayn jalb qilinib, ularning texnik holati doimiy nazoratga olingan.

Bu yil Karmana tumanida 133 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 5 ming 216 gektar maydonga don ekilgan bo‘lib, 17 ming 366 tonna hosil yig‘ib olish rejalashtirilgan. Fermerlarning mehnati va ilg‘or agrotexnologiyalarning qo‘llanilishi yuqori hosildorlikka zamin yaratmoqda.
Tumandagi “Lochin” fermer xo‘jaligida o‘z vaqtida amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar natijasida har gektardan o‘rtacha 80 sentnerdan hosil olinmoqda. Bu o‘tgan yilgi 70 sentnerlik ko‘rsatkichdan ancha yuqori bo‘lib, sohada olib borilayotgan islohotlar va ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
– O‘tgan yili kuzda 45 gektar maydonga g‘alla ekkan edik, – deydi “Lochin” fermer xo‘jaligi rahbari Doniyor Rajabov. – Agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazganligimiz bois qilingan mehnatimiz besamar ketmadi. Dalalarimizda mo‘l hosil yetishtirildi. Hozirda yetishtirilgan hosilni yig‘ishtirib olmoqdamiz. Shu kungacha o‘rtacha har gektar maydondan 80 sentnerdan hosil olyapmiz. Hali dalalarda o‘rilmagan g‘allazorlarimiz bor. Ularning hisobiga hosildorlik yanada oshadi va 100 sentnerdan oshiramiz. Daromadimiz ham shunga yarasha bo‘ladi.

Bugun g‘allakorlar qishning sovuq kunlari va bahorning seryog‘in ob-havosiga qaramasdan yetishtirgan hosilini yig‘ishtirib olish davom etmoqda. Ularning yil bo‘yi qilgan mehnati esa samarasiz ketmadi. Hozirga qadar 300 dan ziyod fermer xo‘jaliklarida hosildorlik gektariga o‘rtacha 100 va undan ortiq sentnerni tashkil etmoqda.
Ana shunday fermerlardan biri Karmana tumanidagi “Qurbon Mergan” fermer xo‘jaligi rahbari Qobil Qurbonovdir.
– Yoshligimdan dehqonchilik qilib ulg‘ayganman. Keyinchalik Samarqand davlat agrar universitetini tamomladim. 2004-yilda esa fermer xo‘jaligi tashkil etdim. Joriy yil hosili uchun 47 gektar maydonga g‘alla ekkandim. O‘z vaqtida olib borilgan agrotexnik tadbirlar natijasida har gektar yer maydonidan 100 sentnerdan hosil oldim. Buning barchasi davlatimiz rahbari tomonidan qishloq xo‘jaligi sohasiga qaratilayotgan e’tibor, fermerlar uchun yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar natijasidir. Eng muhimi, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida fermerlarning yerga munosabati, mehnat unumdorligi va iqtisodiy manfaatdorligi ortib, har bir gektar yerdan yuqori hosil olishga erishilmoqda, – deydi fermer Q.Qurbonov.

Ayni shu kunlarda qishning qahratoni-yu, bahorning seryog‘in kunlariga qaramasdan mehnat qilgan g‘allakorlar bir lahza bo‘lsa-da, o‘rim-yig‘im ishlarini susaytirishgani yo‘q. Ularning maqsadi aniq dalalarda yetishtirilgan hosilning bir misqolini ham qoldirmasdan yig‘ishtirib olib, el dasturxoniga yetkazib berish. Ular yaxshi bilishadi bugungi mashaqqatli mehnat ertangi farovon turmushimiz va dasturxonimiz to‘kinligi uchun xizmat qiladi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA muxbiri