Navoiy viloyatidagi eng ibratli oila
Navoiy viloyati Ma’naviyat va ma’rifat markazida Xalqaro oila kuni munosabati bilan viloyat hokimligi, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda oilalarni qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash, oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, uning jamiyatdagi o‘rni, roli va nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib, Prezidentimizning 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni bu boradagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yishda dasturilamal bo‘layotganligini ta’kidladi.


Tanlovda shahar va tumanlarda birinchilikni qo‘lga kiritgan 11 nafar oila vakillari o‘zaro kuch sinashdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, tanlovda 2-o‘rinni zarafshonlik Mardonovlar oilasi va 3-o‘rinni Karmana tumanidan Sodiqovlar oilasi egalladi. 1-o‘rini qo‘lga kiritgan xatirchilik Eshnazarovlar oilasi tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldi. Barcha g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.


A.Bo‘riyev, O‘zA