Navoiy viloyatida maishiy korrupsiyaga qarshi tadqiqotlar olib borilmoqda
Bugungi kunda jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘sqinlik qilayotgan omillardan biri bu korrupsiyadir. Ayniqsa, maishiy darajadagi korrupsiya holatlari fuqarolarning davlat va jamiyat institutlariga bo‘lgan ishonchini pasaytiradi, adolat tamoyillariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, ushbu muammoni ilmiy va amaliy jihatdan o‘rganish, uning sabablarini aniqlash hamda samarali yechimlar ishlab chiqish muhim vazifalardan biriga aylangan.
Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan “Korrupsiyasiz kelajak sari: maishiy korrupsiya sabablari va fuqarolarning unga bo‘lgan munosabatini o‘rganish” loyihasi ana shu maqsadga xizmat qiladi. Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilib, “Parvoz” ijtimoiy ko‘mak markazi tomonidan Navoiy davlat universiteti hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

– Loyiha doirasida keng qamrovli ijtimoiy tadqiqotlar o‘tkazilib, talabalar o‘rtasida 400 ta onlayn va 100 ta oflayn so‘rovlar tashkil etildi, – deydi markaz rahbari Dilnavoz Karayeva. – Bu orqali yoshlarning korrupsiyaga munosabati, uning kelib chiqish sabablari va turli ko‘rinishlari haqida muhim ma’lumotlar jamlandi. Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalarida “Halollik darsi” nomli ochiq muloqotlar, treninglar va jamoatchilik muhokamalari o‘tkazilib, yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish, halollik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Loyiha doirasida tayyorlangan korrupsiyaga qarshi ijtimoiy roliklar va infografikalar mahalliy ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilib, aholi o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otdi. Bu esa jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur tadqiqot natijalari asosida hududlar kesimida “maishiy korrupsiya xaritasi”ni ishlab chiqish, shuningdek, “fuqarolik nazorati” tamoyiliga asoslangan jamoatchilik monitoringi tizimini joriy etish imkoniyati yaratiladi. Bu esa korrupsiya omillarini aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirishga zamin bo‘ladi.

Loyiha yakunlari bo‘yicha aprel oyining ikkinchi yarmida taqdimot o‘tkazilib, unda erishilgan natijalar keng jamoatchilikka taqdim etiladi.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri