Navoiy viloyati va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasida hamkorlik kuchaymoqda
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiyaning Pokiston Islom Respublikasiga xizmat safari rasmiy va amaliy uchrashuvlarga boy tarzda davom etmoqda.
Hokimlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, safarning dastlabki kunida delegatsiya Sind viloyati bosh vaziri Said Murad Ali Shax bilan muzokaralar o‘tkazdi. Unda hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish va savdo hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish va istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom ettirilishiga kelishib oldi.

Karachi shahrida tashkil etilgan Navoiy - Sind biznes-forumida ikki hududning ishbilarmon doira vakillari ishtirok etib, o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilab oldi.

Forumda Navoiy viloyatining investitsion jozibadorligi, erkin iqtisodiy zonalari, qulay ishbilarmonlik muhiti hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, tog‘-kon sanoati, kimyo, qurilish materiallari, energetika va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi salohiyat alohida ta’kidlandi.

Biznes-forum doirasida o‘tkazilgan B2B va G2B uchrashuvlari tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni ta’minlab, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mahsulotlar eksportini kengaytirish va logistika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi.

Delegatsiyaning xalqaro kompaniyalar bilan o‘tkazgan uchrashuvlari ham samarali bo‘lmoqda. Jumladan, “Omni Group of Companies” rahbariyati bilan muloqotda sanoat, energetika va aviatsiya sohalarida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va investitsiya faolligini oshirishga qiziqish bildirdi.

Shuningdek, charm sanoatida yetakchi korxonalardan biri – “Nova Leathers (Pvt.) Ltd.” rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuv ham amaliy natijalarga boy bo‘ldi. Muzokaralar davomida charmni qayta ishlash, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, texnologiya almashinuvi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Delegatsiya a’zolari korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishib, mahsulot sifati va xalqaro standartlarga mosligiga yuqori baho berdi.

Navoiy viloyati delegatsiyasining Pokistonga amalga oshirayotgan mazkur safari ikki hudud o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda. O‘tkazilayotgan uchrashuvlar va muzokaralar natijasida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish uchun mustahkam asos yaratilmoqda.


Delegatsiyaning Pokiston Islom Respublikasiga xizmat safari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri