Navoiy nazmidan yaralgan navo
Samarqand viloyat O‘lkashunoslik muzeyida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiy ijodiga ehtirom” deb nomlangan maqom kechasi tashkil etildi.
Viloyat madaniyat boshqarmasi, Samarqand davlat birlashgan tarixiy-me’moriy va badiiy muzey-qo‘riqxonasi, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan kechada Navoiy ijodidan baytu g‘azallar o‘qilib, viloyat namunali “Maqom” ansambli tomonidan buyuk mutafakkir g‘azallariga bastalangan kuy-qo‘shiqlardan tuzilgan konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari T.Tugalov, viloyat namunali “Maqom” ansambli badiiy rahbari A.To‘xtayev va boshqalar Alisher Navoiy ijodini o‘rganish bugungi kunda barcha soha vakillari uchun zarur ekanligini ta’kidlashdi. Navoiy asarlari komillik sari yetaklovchi ulkan ma’naviy xazina ekanligi alohida e’tirof etildi.
[gallery-1049]
– Maqom san’ati Navoiy g‘azallari bilan jozibador, – deydi viloyat namunali “Maqom” ansambli badiiy rahbari Abdunabi To‘xtayev. – Biz ushbu konsert dasturimiz orqali ulug‘ bobomiz qoldirgan ma’naviy merosning qanchalik buyukligini, ulug‘vorligini, beqiyosligini yana bir bor namoyon etishga harakat qildik. Faqatgina Samarqand shahridagi dasturlar bilan cheklanib qolmaymiz. Xuddi shunday maqom kechalari viloyatimizning Nurobod va Pastdarg‘om tumanlarida ham buyuk mutafakkir tavallud kuniga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Maqom kechasida Mir Alisher Navoiy g‘azali bilan aytiluvchi “Mushkuloti segoh”, “Sarahbori iroq”, “Sarparda”, “Ey sabo”, “Sayqal”, “Bo‘lmish”, “Safti suvora”, “Naqshi navo” kabi maqom san’atining bebaho durdonalariga aylangan ashulalar kuylandi. Yig‘ilganlar maqom san’ati durdonalarining jonli ijrosidan bahramand bo‘ldi.
Alisher ISROILOV (surat), O‘zA