Navoiy ijodi mangu barhayot
Yurtimizda har yili fevral oyida buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludi keng nishonlanadi. Jumladan, shoir nomi bilan ataluvchi viloyatda ham turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlar va davra suhbatlari o‘tkazilishi an’anaga aylangan.
O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi “Alisher Navoiy nodir merosini targ‘ibot markazi” jamoat birlashmasi bilan hamkorlikda Navoiy shahridagi 6-umumiy o‘rta ta’lim maktabida Hazrat Mir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi munosabati bilan “Navoiy ijodi mangu va barhayot” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

So‘zga chiqqanlar Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, badiiy adabiyotning yuksalishida Alisher Navoiyning tutgan o‘rnini so‘z bilan izohlab bo‘lmaydi. Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, Alisher Navoiy so‘z mulkining sultoni sifatida asarlarida 1 million 378 ming 660 tadan ortiq so‘z, shu jumladan 26 mingta betakror so‘z qo‘llanilgan.

Alisher Navoiy beqiyos shijoati, fidokorona mehnati, millatparvarligi, xalqsevarligi, noyob iste’dodi bilan eski o‘zbek adabiy tilini o‘rta asrlar Sharq xalqlari dunyosida yuqori mavqedagi arab va fors tillari darajasiga ko‘tardi. Shu boisdan Navoiy o‘zbek adabiy tilining asoschisi, deya ta’riflanadi.
Adabiyotshunoslarning olib borgan izlanishlari Navoiy siymosi, u yaratgan asarlar umrboqiyligining sirlarini o‘rganish, saboq olish buyuk mutafakkir yashab o‘tgan davrning o‘zidayoq boshlanganligini ko‘rsatadi. Shoir yashab o‘tgan davrdan keyin barcha zamonlarda ijodiy faoliyati, jahon adabiyotining durdonalariga aylangan asarlari adabiy jarayon, badiiy tafakkur taraqqiyotida yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qildi. Mumtoz adabiyotimiz tarixida biror ijodkor yo‘qki, Navoiyni o‘ziga ustoz deb bilmagan, uning g‘azallariga nazira bog‘lamagan bo‘lsin.

Navoiy asarlarini chuqur o‘rganish, ularda ilgari surilgan umuminsoniy g‘oyalarni yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, Navoiy asarlari orqali yoshlarda Vatanga muhabbat, xalqparvarlik, mehnatsevarlik hissini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda maktab o‘quvchilari tomonidan Navoiy g‘azallaridan namunalar aytilib, shoir asarlari asosida sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.

Tadbir so‘ngida faol o‘quvchilar “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi va “Alisher Navoiy nodir merosini targ‘ibot markazi” jamoat birlashmasi tomonidan rag‘batlantirildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA